O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rinbosari Temurjon Komilov 21-apreldagi matbuot anjumanida mamlakat bog‘chalarida ovqat sifati va xavfsizligini oshirishga qaratilgan yangi normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanish jarayonida ekanligini ma’lum qildi. Bu loyiha bolalarga ajratilgan mablag‘larning manzilli va samarali sarflanishini ta’minlash, ovqat yetkazib berish jarayonini shaffoflashtirish va xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarni tanlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Vazir o‘rinbosari so‘nggi yillarda joriy etilgan autsorsing va keytering asosidagi ovqatlantirish tizimlarida muammolar mavjudligini tan oldi. Xususan, Toshkent viloyatida 2025-yil sentabr oyida 1000 dan ortiq bog‘cha tarbiyalanuvchisining ovqatdan zaharlanish holatlari va Farg‘ona viloyatida 239 ta davlat bog‘chasida joriy etilgan keytering tizimidagi kamchiliklar alohida tilga olindi. Farg‘onadagi uchta bog‘chada (2, 58 va 61-sonli) tarbiyalanuvchilarning o‘tkir diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani ham eslatildi.
Komilovning ta’kidlashicha, 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining 626-son qaroriga asosan ayrim bog‘chalarda ovqatlantirish autsorsing asosida tashkil etilgan bo‘lsa-da, tizimning asosiy qismi an’anaviy usulda saqlanib qolgan. 2025-yilda qabul qilingan yangi qaror bilan barcha hududlar uchun bitta bolani ovqatlantirishning o‘rtacha qiymati belgilandi va mavsumlar kesimida yagona, namunaviy menyular tasdiqlandi, ammo bu choralar tizim sifatini to‘liq baholash uchun yetarli emas.
Hozirda autsorsing va keytering asosidagi ovqatlantirish tizimlari bo‘yicha kompleks o‘rganish ishlari olib borilmoqda, bunda bir nechta vazirlik va idoralar, shuningdek Hisob palatasi mutaxassislari ham ishtirok etmoqda. O‘rganishlar nafaqat aniqlangan kamchiliklarni tahlil qilish, balki xalqaro tajriba asosida yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan. Vazir o‘rinbosari tizimdagi kamchiliklarni tanqidiy o‘rganish davom etayotganini, yakunda bolalar xavfsizligini ta’minlaydigan va samarali ishlaydigan ovqatlantirish tizimini shakllantirish maqsad qilinganini ta’kidiadi.
Yangi hujjat loyihasi autsorsing tizimini shaffoflashtirish, yetkazib beruvchilarni tanlash jarayonini ochiq qilish hamda davlat mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini ta’minlashga qaratiladi. Shu bilan birga, bolalarga sog‘lom va sifatli ovqat yetkazib berish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Mazkur hujjat loyihasi tegishli tartibda Prezident administratsiyasiga kiritiladi, vazirlik va idoralar bilan kelishilgach esa jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.
Source: www.gazeta.uz