Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Trump Eronni “butun bir sivilizatsiyani” yo‘q qilish bilan tahdid qilayotgan bir paytda, parda ortida faol diplomatik jarayon ketayotgan edi. Axios nashri o‘n bitta manba bilan suhbatga tayanib, muzokaralarda ilk bor Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyning faol ishtirok etganini yozdi. Garchi Trumpga yaqin bo‘lganlar ham bu jarayonning qanday yakunlanishini bilmagan bo‘lsa-da, Xomanaiyning ishtiroki “maxfiy va mashaqqatli” bo‘lib, Isroil tomonidan suiqasd xavfi tufayli u asosan yozma qaydlarni yetkazib beruvchi kurerlar orqali muloqot qilgan.

Dushanba kuni, 6-aprelda, Trump Oq uyda Pasxa bayramiga yig‘ilganlar bilan gaplashayotgan bir vaqtda, AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff vositachilarga qo‘ng‘iroq qilib, Erondan olingan 10 bandli taklifni “halokat” va “ofat” deb atagan. Shu tariqa tuzatishlar kiritishning “tartibsiz” kuni boshlandi: Pokistonlik vositachilar yangi variantlarni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchiga yetkazgan, Misr va Turkiya tashqi ishlar vazirlari esa kelishmovchiliklarni bartaraf etishga harakat qilgan.

Seshanba oqshomiga kelib, ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangilangan taklif AQSh tomonidan ma’qullandi, ammo qaror Xomanaiyning qo‘lida qoldi. Axios manbalariga ko‘ra, Xomanaiy dushanba va seshanba kunlari jarayonda faol ishtirok etgan, uning sulhga rozi bo‘lishi “katta burilish” deb atalgan. Muzokaralarda Arakchi markaziy rolni o‘ynagan, shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) qo‘mondonlarini kelishuvni qabul qilishga ko‘ndirgan, Xitoy esa Eron rasmiylariga nizodan chiqish imkoniyatidan foydalanishni maslahat bergan.

Seshanba tongiga kelib, tomonlarga muzokaralarda siljish borligi ayon bo‘ldi, biroq bu Trumpning Eronga nisbatan yangi tahdidini e’lon qilishiga to‘sqinlik qila olmadi. U “bugun tunda butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi”, deb bayonot berdi. Ayrim AQSh OAVlari bunga javoban Eron muzokaralarni to‘xtatgani haqida xabar tarqatdi, lekin Axios ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmagan.

7-aprel kuni AQSh Sharqiy sohili vaqti bilan tushga yaqin tomonlarda “umumiy anglashuv” shakllandi. Oradan uch soat o‘tgach, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif X ijtimoiy tarmog‘ida kelishuv shartlarini e’lon qildi: AQSh o‘z ultimatumini ikki haftaga kechiktiradi, Eron esa ushbu davr mobaynida Hurmuz bo‘g‘ozini ochadi. Trumpga uning urush tarafdori bo‘lgan ittifoqchilaridan qo‘ng‘iroqlar kela boshlagan, ular prezidentni ushbu taklifni rad etishga undagan, hatto uning eng yaqin safdoshlari orasida ham chalkashlik hukm surgan.

Pentagon Tramp ultimatumi tugashiga sanoqli soatlar qolganda Eron infratuzilmasini keng ko‘lamli bombardimon qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. “Nima sodir bo‘lishi haqida tasavvurimiz yo‘q edi. Bu haqiqiy xaos edi”, deb tan oldi AQSh Mudofaa vazirligi vakillaridan biri. Trump o‘z javobini e’lon qilishidan oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan gaplashib, undan o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga rioya qilinishi bo‘yicha tasdiq olgan, so‘ngra Pokiston feldmarshali Osim Munir bilan suhbatlashgan. AQSh qo‘shinlari Trumpning postidan 15 daqiqa o‘tib, Eronga zarba berishni to‘xtatish haqida buyruq olgan.

Yuqori martabali Isroil mulozimining so‘zlariga ko‘ra, Netanyahu AQSh tinchlik muzokaralarida Eronning yadroviy materiallardan voz kechishi, uranni boyitishni to‘xtatishi va ballistik raketalar tahdididan voz kechishini talab qilishda davom etishi haqida ishonchli va’dalar olgan. Axios’ning qayd etishicha, AQSh va Eron o‘rtasida hamon kelishmovchiliklar mavjud va bu qurolli mojaroning qayta boshlanish ehtimolini realligicha qoldirmoqda.

Source: www.gazeta.uz