Vyetnam Milliy Assambleyasi (Parlamenti) barcha 495 aʼzosi ovoz berishda ishtirok etib, Kommunistik partiya Bosh kotibi To Lamni 2031-yilgacha mamlakat prezidenti lavozimiga saylashni bir ovozdan maʼqulladi. Bu qaror Lamning 2024-yilda qisqa muddat boshqargan prezidentlik lavozimiga rasmiy ravishda qaytishini anglatadi.
To Lam 2026-yil yanvar oyida Vyetnam Kommunistik partiyasining yetakchisi sifatida qayta saylangan boʻlib, bu lavozim mamlakat siyosiy tizimida asosiy hisoblanadi, prezidentlik esa koʻproq ramziy vakolatlarga ega. Uning bu ikki yuqori lavozimni bir vaqtda egallashi Vyetnam tarixida uchinchi holat boʻlib, undan oldin faqat Ho Shi Min va Nguyen Fu Chong shunday qilgan.
To Lam 1957-yilda Hung Yen viloyatida militsiya ofitseri oilasida tugʻilgan, Xalq xavfsizligi akademiyasini tamomlagan va ichki ishlar vazirligida, keyin esa jamoat xavfsizligi vazirligida (maxsus xizmatlar va qurolli kuchlar) xizmat qilgan. U 1982-yildan beri Kommunistik partiyaning aʼzosi boʻlib, konservativ yoʻnalish tarafdori sifatida tanilgan.
Lamning rahbarligi davrida u davlat boshqaruvini isloh qilish va infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini boshlagan. Tashqi siyosatda Vyetnam barcha asosiy kuch markazlari bilan aloqalarni chuqurlashtirish kursini davom ettirmoqda, bu "bambuk diplomatiyasi" deb ataladi. Biroq, bu siyosat mamlakatning iqtisodiy va geosiyosiy qiyinchiliklarini hal qilishda samaradorligi shubha ostida qolmoqda.
Source: kun.uz