Madaniyat vazirligi san’atkorlarning har bir to‘y yoki konsert uchun soliqqa tortilishini nazarda tutuvchi qaror loyihasiga rasmiy e’tirozlarini bildirdi. Vazirlik matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarovning ma’lum qilishicha, bu loyiha Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, 1-sentabrdan boshlab san’atkorlarning barcha xizmatlarini Soliq ilovasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Soliqlar “bir xizmat — bir to‘lov” tamoyili asosida, hatto bepul xizmat ko‘rsatilganda ham undirilishi mumkin.
Vazirlik bayonotida, qaror loyihasi atroflicha ko‘rib chiqilgan va uning ayrim bandlari yuzasidan Adliya vazirligiga rasmiy e’tirozlar kiritilgani, biroq shunga qaramay loyihaning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ta’kidlandi. Idora, bugungi kunda san’atkorlar uchun soliq to‘lash tartibi amaldagi qonunchilik asosida belgilab qo‘yilgani va soha vakillari soliq tizimidan tashqarida emasligini alohida ta’kidladi.
Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, ijodkorlar har oyda BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq hamda yillik daromadlaridan 12 foiz miqdorida daromad solig‘ini to‘lab keladi. Shu munosabat bilan, vazirlik ijtimoiy tarmoqlardagi “san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi” degan talqinlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligini bildirdi. Idora, shuningdek, davlat tadbirlariga jalb etiladigan ijodkorlarning xizmat haqlari va gonorarlari qonuniy tartibda to‘lanayotganini eslatib o‘tdi.
Madaniyat vazirligi qaror loyihasiga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini adolatli belgilash va tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirgan. Idora ushbu masalada jamoatchilik fikri, ijodkorlar va soha vakillarining takliflari muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi, chunki qabul qilinadigan har qanday qaror qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillariga asoslanishi kerak.
Avvalroq xonanda Jahongir Otajonov mazkur tartib yuzasidan munosabat bildirarkan, daromad solig‘i to‘lashga tayyor ekani, ammo shundan keyin “O‘zbekkonsert” “xonandalarni tinch qo‘yishi kerakligini” aytgandi. U: “Konsert yoki falonchi amaldorning to‘yiga borib bering, deyishmasin. Nega kimningdir to‘yiga bepulga borishim kerak? Pulini bersin va solig‘ini olsin”, dedi. 2025-yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2027-yil 1-yanvardan boshlab san’atkorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va soliqqa tortish tartibi kuchaytirilishini ma’lum qilgandi.
Source: www.gazeta.uz