Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Toshkent shahrida turli tumanlarda noqonuniy savdo ob’yektlari va reklama konstruksiyalarini demontaj qilish ishlari davom etmoqda. Shahar hokimligi tomonidan boshlangan “90 kunlik zarbali kunlar” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan bu tadbirlar, shahar ko‘rinishini yaxshilash va tartib-intizomni ta’minlashga qaratilgan.

️ Uchtepa tumani hokimligi 4-mart kuni noqonuniy o‘rnatilgan konstruksiyalarni buzish haqida ma’lumot berdi. Ishlar davomida o‘zboshimchalik bilan band qilingan yer uchastkalari bo‘shatilmoqda, ko‘chma savdo punktlari yo‘q qilinmoqda. Maxsus ishchi guruhi, shuningdek, tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib bormoqda.

️ Yakkasaroy tumanida “Askia” dehqon bozori avtoturargohi hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va turli savdo ob’yektlari aniqlandi. Tuman hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, mas’ul tashkilotlarga ushbu inshootlarni qonun talablariga muvofiq keltirish yoki belgilangan tartibda demontaj qilish vazifasi yuklangan.

️ Olmazor tumanida hokimlik xodimlari soliq inspektsiyasi, obodonlashtirish boshqarmasi va tuman ishchi guruhi a’zolari bilan birgalikda noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini olib tashlash ishlarini amalga oshirdi. Tuman ma’muriyatida tadbirkorlarga yorliq, e’lon va reklama yozuvlarini joylashtirishda “Reklama to‘g‘risida” va “Davlat til to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilish zarurligi eslatildi.

️ Shuningdek, Shayxontohur tumanidagi Sebzor ko‘chasidagi bir uchastkada, “90 kunlik zarbali kunlar” tashabbusi doirasida, piyodalar yo‘laklarida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan noqonuniy bino va savdo punktlari, shuningdek qonun talablariga javob bermaydigan reklama yorliqlari va yozuvlari demontaj qilindi.

️ Bundan tashqari, fevral oyida ochiq olovda taom tayyorlaydigan ommaviy ovqatlanish punktlarini tekshirish ishlari ham boshlandi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ekologik xizmatlar bilan birgalikda belgilangan talablarga rioya qilmaydigan somsa, kabob va mangal do‘konlarini tekshirishni olib bormoqda.

Source: kun.uz