Qoraqalpog‘istonda aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari, davlat va mahalliy budjetlar hisobidan jami 2,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda 21-fevral kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilangan.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Jumladan, Jahon bankining “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istonni hududiy rejalashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda Nukus shahri uchun fazoviy va master rejalar tayyorlanadi.
Infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2026-yilda yirik obyektlar qurilishi boshlanadi. Xususan, Nukus shahrida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bog‘lovchi 2,2 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta ko‘prik hamda “D 234 (4R176)” Nukus – Chimboy – Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 4 kilometr qismida yangidan yo‘l o‘tkazgich quriladi.
Ekologik holatni yaxshilash maqsadida 2026–2030-yillarda Nukus shahri atrofida 15 ming gektar maydonda “yashil belbog‘” barpo etiladi. Uning 3 ming gektarida daraxt va butalar ekiladi.
Ushbu loyihalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish dasturini 2027-yildan boshlab natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) bo‘yicha jalb etiladigan 200 million dollar hisobiga amalga oshiriladi.
Source: www.gazeta.uz