O‘zbekistonda bahor mavsumi ko‘p yillik me‘yordan yuqori harorat va kamroq yog‘ingarchilik bilan o‘tishi kutilmoqda. Jahon meteorologik tashkiloti (WMO) mart, aprel va may oylari uchun prognozda mamlakatda issiqroq va quruqroq ob-havo kutilayotganini e‘lon qildi.
Mart oyi uchun "O‘zgidromet" oylik prognozda haroratning 10-15°C atrofida bo‘lishi, ayrim kunlari 6-9°C gacha pasayishi mumkinligini bildirdi. Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida kechasi 3-8°C dan 8-13°C gacha, kunduzlari 12-17°C dan 23-28°C gacha o‘zgarish kutilmoqda. Yog‘ingarchilik tekisliklarda tanaffus bilan yomg‘ir, tog‘larda esa yomg‘ir va qor shaklida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ob-havo sharoitiga Tinch okeanidagi La-Ninya hodisasi, Shimoliy Atlantika sirkulyatsiya fazalari va Hind okeani dipoli ta‘sir ko‘rsatmoqda. Hozirda La-Ninya "passiv" holatda bo‘lib, bu odatda mintaqaga sovuq va quruq havo oqimlarini olib keladi, ammo joriy yil bu qoida to‘liq amal qilmayapti.
Shimoliy Atlantika sirkulyatsiyasining mart boshlarida manfiy fazaga o‘tishi martning birinchi yarmida namlikning ko‘proq kirib kelishiga sabab bo‘lishi mumkin, ammo oyning ikkinchi yarmida quruqroq davr kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz