Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati tashqi reklama joylashtirish tartibini tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqmoqda. Raqobat qo‘mitasi 25 aprelda “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom loyihasini jamoat muhokamasiga qo‘ygan edi, 6 may kuni esa qo‘mita tadbirkorlarni faol ishtirok etishga chaqirdi.

Nizom loyihasi amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va amaliyotda turli talqinlarga sabab bo‘layotgan jarayonlarga oydinlik kiritish uchun ishlab chiqilgan. Xususan, “tashqi axborot vositasi”, “tashqi yozuv”, “axborot ko‘rsatkichi”, “lavha”, “e’lon”, “axborot taxtasi” kabi tushunchalarga aniq ta’riflar berilgan.

“Tashqi axborot vositalari” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan va tijorat maqsadiga ega bo‘lmagan vositalar sifatida belgilangan, ya’ni ular reklama xarakteriga ega emas. Biroq ularga reklama yoki tijorat xarakteridagi ma’lumot yoki tasvirlarni joylashtirish taqiqlanadi.

Lavhalar — savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridagi faoliyat turi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) haqidagi ma’lumotdir (masalan: dorixona, sartaroshxona, poyafzal ta’mirlash, milliy taomlar, supermarket, kasalxona, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish va ro‘zg‘or buyumlari). Bunday lavhalar tashqi reklama ob’ekti hisoblanmaydi va ular uchun reklama joyi pasportini olish talab etilmaydi.

Ya’ni, tadbirkorlik sub’ekti egallagan binoning tashqarisida, binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisoslashuvi) to‘g‘risida joylashtirilgan ma’lumot yoki shu binoning vitrinasida ushbu tadbirkorning mahsuloti haqidagi ma’lumot (lavha) reklama hisoblanmaydi. Uni joylashtirish uchun tegishli ruxsatnoma hujjatlarini olish va to‘lov amalga oshirish talab etilmaydi.

Loyiha muhokamasi joriy yilning 25 aprelida boshlangan va 10 maygacha davom etadi. Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik sub’ektlarini loyiha hujjatini muhokama qilishda faol ishtirok etishga, o‘z fikr-mulohazalari, izoh va takliflarini bildirishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda tadbirkorlik sub’ektlarining lavhalarini ommaviy buzish kampaniyasi tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Prezident huzurida 5 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu muammo ko‘tarilgan va lavhalarni reklama sifatida baholash hamda ularga pasport rasmiylashtirish amaliyotini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Source: kun.uz