Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmanova Nyu-Yorkdagi «Okean» teatrida 9-may kuni rejalashtirilgan konserti atrofidagi janjalga munosabat bildirdi. Avvalroq amerikalik siyosatchilar Maykl Novaxov va Bryus Bleykman qo‘shiqchini antisemitizmda ayblab, AQSh Davlat departamentidan uning vizasini bekor qilishni talab qilgandi.

Usmanova o‘z murojaatida: «Agar siz, sionistlar, men kechirim so‘rayman deb o‘ylasangiz, adashasiz», — dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noroziliklar mahalliy saylov jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, qarama-qarshilik uning mashhurligiga xizmat qiladi.

«Hatto mendan boshqa ishingiz yo‘qligi va hammangiz menga qarshi birlashganingizdan xursandman. Demak, men sizlarni yaxshi silkitishga qodirman», — deb qo‘shimcha qildi san’atkor.

U Falastin-Isroil mojarosiga o‘z nuqtai nazarini yana bir bor bildirib, Falastin hududini uning asl zamini deb hisoblashini ta’kidladi. Raqiblariga murojaat qilib: «Balki siz qadimiy xalqsiz, lekin siz — yangi davlat, Isroil. Amerika Isroil emas. Shuning uchun o‘zingizni xo‘jayin deb o‘ylamang», — dedi.

Siyosatchilarning talablari va teatr binosi oldida rejalashtirilgan norozilik aksiyalariga qaramay, Usmanova shouga barcha chiptalar to‘liq sotilganini ma’lum qildi. U kelajakda tomoshabinlar bilan uchrashuvlar davom etishiga ishonch bildirdi.

«Alloh menga talant bergan ekan, men kuylayman. Insoniyat uchun kuylayman. Adolat, inshaalloh, g‘alaba qozonadi», — dedi u.

Source: podrobno.uz