Ikki yil oldin Buxoro shahri markazida, jumladan, sovet davrida qurilgan va shaharning ramziga aylangan viloyat hokimiyati binosi «Boqiy Buxoro» etnoturizm markazi qurilishi uchun buzib tashlangan edi. Bugungi kunda ushbu maydon to'siq bilan o'ralgan va bo'sh turibdi.
Loyihaning to'xtatilishi mahalliy aholi va xalqaro tashkilotlarning noroziligiga sabab bo'lgan. Madaniy merosni himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar loyihaga qarshi chiqib, qurilishni to'xtatishga chaqirgan edi.
24 aprel kuni Madaniy meros agentligining ochiq uchrashuvida Kun.uz muxbiri loyiha nima uchun muzlatilgani va buzishdan oldin reja puxta ishlab chiqilganmi, degan savol bilan murojaat qildi. Agentlik rahbari Bahodir Abdikarimov bu borada alohida matbuot anjumani o'tkazishni va'da qilib, batafsil izoh berishdan bosh tortdi.
Eslatib o'tamiz, 2024 yilda Alerte Heritage arxitektura tashkiloti etnoturizm markazi loyihasini «bema'ni» deb atagan edi. Tashkilotning ta'kidlashicha, «O'rta Osiyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan o'rta asr shaharlaridan biri yonida soxta qadimiy binolar qurish Las-Vegas yoki Makaodagi kabi kulgili ko'rinishi mumkin va bu mahalliy aholini ham, sayyohlarni ham bezovta qiladi».
Rasmiylar avvalroq Buxorodagi 470 million dollarlik turizm markazi qurilishi investor hisobidan amalga oshirilishini ma'lum qilgan edi. Keyinchalik manbalar ishlarning to'xtatilishini tanlangan investorda moliyaviy muammolar borligi bilan bog'ladi.
Source: kun.uz