Biznes-ombudsman ofisi tadbirkor Timur Musinga tegishli Caravan Group obyektlari atrofidagi sud jarayonlari yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil kompaniyaning mulkiy huquqlarini oliy sud instansiyalarida oxirigacha himoya qilish niyatida.
Xususan, gap 12,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya undirish bo‘yicha sud ishlari haqida bormoqda. Ularda biznes-ombudsman vakillari ishtirok etgan. Biroq mazkur ish bo‘yicha chiqarilgan sudning so‘nggi qarorida kompensatsiya undirish nazarda tutilmaganligi sababli, hozirda ushbu qaror ustidan Oliy sudning taftish instansiyasiga shikoyat kiritish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, biznes-ombudsmanning kassatsiya shikoyati asosida Toshkent viloyat ma’muriy sudi tomonidan kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha ish yuritish tugatilishiga erishildi. Hozirda hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha taftish tartibida shikoyat tayyorlanmoqda.
“Biznes-ombudsman devoni tadbirkorning mulkiy huquqlarini himoya qilishda qat’iy pozitsiyada ekanligini va sud jarayonlarida oxirigacha ko‘maklashishini bildiradi”, — deyiladi bayonotda.
Timur Musin — 25 yillik tajribaga ega restorator, Caravan Group asoschisi va O‘zbekiston restoratorlar assotsiatsiyasi rahbari. U 1999-yildan boshlab Caravan, Chelsea Arms, Sato, Izumi va “Gruzinskiy dvorik” kabi 15 tagacha loyihani o‘z ichiga olgan tarmoqni rivojlantirgan. Biznes bir necha bor qiyinchiliklarga duch kelgan: obyektlar auksionga qo‘yilgan, ayrim loyihalar yopilgan yoki sotilgan. 2019−2020-yillarda qarzlar sabab Chelsea Arms, Cinara’s, Sato va “Gruzinskiy dvorik” sotilgan yoki auksionga qo‘yilgan. 2021-yilda Sato va Izumi yopilgan.
“Chinaras” restoran majmuasi atrofidagi nizo bir necha yildan beri davom etmoqda va Kreativ Studio Karavan (Caravan Group) kompaniyasidan “Chirchiq — G‘azalkent — Chorvoq” yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun 0,7 gektar yer olib qo‘yilishi bilan bog‘liq. Nizo tekshiruvlar va sud jarayonlari bilan kechgan: 2023-yilda sud kompaniyaga 12,5 mlrd so‘m kompensatsiya belgilagan, keyin qaror bekor qilingan, qayta tiklangan va yana qayta ko‘rib chiqishga yuborilgan. Hozir ish iqtisodiy sudlarda qayta ko‘rilmoqda, shu bilan birga mulk huquqining qonuniyligi bo‘yicha bahslar davom etmoqda.
Alohida holat sifatida kompaniya turistik loyihani amalga oshirishda muammolar yuzaga kelganini bildirmoqda: 4 gektar yer olib qo‘yilgandan keyin unga 8 gektar boshqa, noqulay sharoitli yer ajratilgan, keyin esa yangi nizolar va ruxsatnomalar bo‘yicha kechikishlar paydo bo‘lgan. 2025-yilda sud kompaniya mulki bo‘yicha kadastr hujjatlarini bekor qilgan.
Tadbirkorni himoya qilayotgan biznes-ombudsman 2010-yilda qabul qilingan qarorlarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emasligini ta’kidlab, mulk huquqi buzilganini ko‘rsatgan holda yuqori instansiyalarga shikoyat kiritgan. Tadbirkor yer va aktivlar olib qo‘yilishi natijasida yetkazilgan umumiy zararni 50 mln dollarga baholagan.
Uzoq davom etayotgan huquqiy nizo va ma’muriy bosimlar fonida Caravan Group asoschisi Timur Musin tarmoqning bir qator mashhur obyektlarini sotishini ma’lum qildi: “Palov muzeyi” (50 mlrd so‘m), Cinara’s (99 mlrd so‘m) va Caravan restorani (45 mlrd so‘m). Ularning umumiy qiymati 294 mlrd so‘m (24,4 mln dollar) deb baholangan. Shuningdek, development.uz platformasida Musinning biznesiga oid boshqa obyektlar ham joylashtirilgan.
Restorator Gazeta bilan suhbatda bu qarorni investitsiyalarni himoya qilish imkoni yo‘qligi va mavjud sud tizimining samarasizligi bilan izohlab, vaziyatni “qonuniy reyderlik” deb atagan. Timur Musin Spot’ga bergan intervyusida mavjud murakkab biznes muhiti sharoitida barcha loyihalarni tezda sotishni kutmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktivlar qiymati “mutlaqo maqbul” hisoblanadi.
“Mutlaqo maqbul narxga qaramay (1 kv metr uchun 2000 dollar — bu Toshkent markazi uchun bozor narxi), bunday sharoitda sarmoya kiritishni istovchilar ko‘p emas. Lekin men ishonadigan va tajribam bor sohada faoliyatimni davom ettiraman”, — dedi u. Tadbirkorning aytishicha, obyektlarga qiziqish bor, ammo u cheklangan xususiyatga ega.
“Loyihalarga qiziqish bor — qo‘ng‘iroqlar kelmoqda, biroq hozircha bu ko‘proq oddiy qiziqish darajasida. Hozirgi sharoitda hammasini sotib yuborish qiyin, chunki investorlar ehtiyotkor: huquqiy muhit beqaror bo‘lsa, har qanday investitsiya yuqori xatarga aylanadi”, — dedi Musin.
Restoratorning so‘zlariga ko‘ra, davlat organlari ham vaziyatga nisbatan faolroq munosabat bildirmoqda. “Bu masalaga nafaqat meni doim qo‘llab kelgan biznes-ombudsman, balki Ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining ham e’tiborini qaratayotganimdan juda xursandman. Bugun ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qilib, qanday yordam kerakligini so‘radi. Men ko‘ryapmanki, bugungi o‘zbek amaldorlari faqat biznesni cheklash haqida o‘ylamayapti, balki uni rivojlantirish va yordam berishga tayyor bo‘lganlari ham bor”, — dedi u.
Biroq Caravan Group asoschisi bu holat tizimli muammolarni hal qilish uchun yetarli emasligini ta’kidladi. “Ammo muammo ildizi — sud tizimida. Aynan shu yerda biznes o‘z huquqlarini himoya qilishi kerak, biroq noqonuniy qarorlar normal ishlashga asosiy to‘sqinlik bo‘lib qolmoqda. Muammo sudyalar tafakkurida ham — ular o‘zini mustaqil emas, balki ko‘rsatma olishi mumkin bo‘lgan davlat xodimi sifatida ko‘radi”, — dedi u.
Vaziyat keskinlashish sabablari haqida gapirar ekan, Musin uni islohotlar va ularning amaldagi ijrosi o‘rtasidagi nomutanosiblik bilan bog‘ladi. “Nega bu aynan hozir sodir bo‘lyapti? Men bu holatni “qaytmas nuqta” emas, balki xatarlar aniq ko‘rinib qolgan bosqich deb baholayman. Bir tomondan prezident “Yangi O‘zbekiston” islohotlarini ilgari surmoqda, ikkinchi tomondan esa eski tizim elementlari hanuz saqlanib qolgan. Natijada davlat strategiyasi va amaldagi huquqiy amaliyot o‘rtasida ishonch inqirozi yuzaga kelmoqda”, — dedi u.
Uning fikricha, bunday sharoitda biznesni rivojlantirish qiyinlashmoqda. “Bunday sharoitda biznesni rivojlantirish xavfli bo‘lib bormoqda. Xususiy mulk va investor manfaatlari himoyalanmagan joyda sarmoya kiritish va rivojlanish deyarli imkonsiz”, — deya ta’kidladi tadbirkor.
Source: www.gazeta.uz