Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Qozog‘istonga ishchi tashrifi doirasida Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston davlatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostonadagi EXPO xalqaro ko‘rgazma markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammitining milliy pavilonlariga tashrif buyurdi.

RES-2026 sammiti diqqat markazida sakkizta ustuvor yo‘nalish mavjud bo‘lib, ular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini ta’minlash, tabiiy xavf-xatarlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, adolatli va inklyuziv “yashil” o‘tish, hamda ekologik va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston paviloni interaktiv va multimedia elementlari bilan jihozlangan ko‘rgazma-taqdimot maydoni sifatida ekologiya, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi. Shuningdek, u O‘zbekistonning ekologik sohada mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini namoyish etadi.

Yuqori martabali mehmonlarga zamonaviy ekologik rivojlanish modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslar, jumladan, “Chiqindilardan xoli hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik ta’lim” kabi umummilliy loyihalar taqdim etildi.

Alohida e’tibor Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish va xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Source: kun.uz