Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda 145 738 ta obyektga umumiy quvvati 2114 MVt bo‘lgan kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil dekabridagi 141,2 mingta obyekt va 1971 MVt quvvatdan sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi.

2026-yilning birinchi choragida ushbu panellar orqali 411 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan (252 mln kVt/soat) 159 mln kVt/soatga yoki 63 foizga ko‘pdir. Natijada 125 million kub metr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga 134 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan.

Mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 685 mingta xonadonning uch oylik iste’moliga teng ekani qayd etilgan. Shuningdek, aholi va tadbirkorlar tomonidan ortiqcha ishlab chiqarilib, elektr tarmog‘iga uzatilgan energiya hajmi 163,7 mln kVt/soatni tashkil etgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan (46,2 mln kVt/soat) 3,5 barobarga ko‘pdir.

2025-yilda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish 86,7 mlrd kVt/soatga yetgan bo‘lib, shundan 16,8 mlrd kVt/soati qayta tiklanuvchi manbalarga to‘g‘ri kelgan. Quyosh va shamol elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,1 barobarga oshgan. Natijada 3,2 mlrd kub m gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli tashlanmalar oldi olingan.

2025-yilda 45,3 ming jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 209,2 mlrd so‘m subsidiya olgan. Jami 268,7 mingta subsidiya rasmiylashtirilgan. Eng ko‘p to‘lovlar Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Buxoro aholisiga to‘langan. Shuningdek, 900 mingdan ortiq ko‘cha chiroqlarini quyosh panellari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz