Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi O‘rtaovul mahallasida 16-aprel kuni kechasi sodir bo‘lgan portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi og‘ir jarohat oldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinovning ma’lumot berishicha, hodisa soat 01:40 atrofida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish tufayli ro‘y bergan.

Halok bo‘lganlar orasida 30 yoshli erkak Z.M., uning 6 yoshli o‘g‘li, 3 va 2 yoshli qizlari bor. Ular kuyish va yong‘in is-gazidan zaxarlanish sababli hodisa joyida vafot etgan. Erkakning turmush o‘rtog‘i G.M. va onasi B.M. esa yong‘indan qochish maqsadida derazadan sakrab, turli xildagi tan jarohatlari bilan Nurafshon shahri tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Qo‘shnilarning guvohliklariga ko‘ra, portlash paytida erkak yaqinlarini qutqarishga urinib, ayoli va onasini derazadan chiqarishga ulgurgan, ammo bolalarini qutqarishga harakat qilgan paytda o‘zi ham halok bo‘lgan. Tarmoqlarda tarqalgan suratlarda uy ichidagi avtomobil ham yonib ketgani ko‘rinadi.

Voqea joyidan Respublika sud ekspertiza markazi, viloyat IIB ekspert kriminalisti va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ekspertlari tomonidan yong‘indan shikastlangan buyumlar, alimun sim bo‘laklari va boshqa ashyoviy dalillar olingan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Shuningdek, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi va “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali O‘rta Chirchiq tuman bo‘limlari hodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu voqea yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishning ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab, oilaning fojiali oqibatlarini keltirib chiqardi.

Source: www.gazeta.uz