Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida litsenziyasiz faoliyat yuritgan 25 ta dorixona aniqlangan. Bu dorixonalar tegishli ruxsatnomalarsiz ishlab, qonuniy talablarni qo‘pol ravishda buzgani ma’lum qilindi.

Nazorat natijalariga ko‘ra, qonunbuzarliklar hududlar kesimida keng tarqalgan bo‘lib, eng ko‘p holat Samarqand viloyatida (11 ta dorixona) qayd etilgan. Andijonda 5 ta, Namanganda 2 ta, shuningdek, Xorazm, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent va Navoiy viloyatlarida ham litsenziyasiz faoliyat yuritgan dorixonalar aniqlangan.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 4-ilovasiga asosan, litsenziyasiz faoliyat yoki qalbaki hujjatlar orqali litsenziya olganlik uchun yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobarida (123,6 million so‘m) jarima belgilangan. Markaz ma’lum qilishicha, qonunchilik talablariga rioya etish barcha tadbirkorlar uchun majburiy hisoblanadi.

Fuqarolardan dori vositalarini xarid qilishda dorixonalar faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga duch kelganda, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga murojaat qilish so‘raldi. Avvalroq “sirli mijoz” tadbirlari orqali tibbiy muassasalar va dorixonalar faoliyatini baholash amaliyoti joriy etilgani eslatib o‘tilgan.

Source: www.gazeta.uz