Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan shahrida uch nafar ichki ishlar xodimi fuqaro Abdulahad Urmonovni shafqatsizlarcha kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Mojaroning ildizi: Bahrom Dustnazarov ismli profilaktik inspektor Namangan shahridagi “Oltitosh” mahallasida ishlagan vaqtida Abdulahad Urmonov bilan oilaviy nizolar sababli kelishmovchilik yuzaga kelgan. Urmonov xotini bilan janjallashib, Dustnazarov aralashganidan so‘ng, inspektor va uning xotini o‘rtasida ishqiy munosabat borligiga shubha qilgan.

2023-yil mart oyida Dustnazarov Narin tumaniga ko‘chirilgan, ammo eski mahallasiga tez-tez kelib turgani Urmonovning shubhasini kuchaytirgan. 2023-yil 14-avgust kuni Dustnazarov Namangan shahridagi “G‘uzar” mahallasidagi avtoservisda mashinasini ta’mirlatayotganda, Urmonov undan xotini bilan munosabati haqida tushuntirish talab qilgan.

G‘azablangan Dustnazarov Urmonovni qasos olish maqsadida qamoqqa joylashga qaror qilgan. U Urmonovni “gaplashamiz va hal qilamiz” deb, Namangan shahar IIB binosiga chaqirgan. Dustnazarov uni kirishda kutib olib, hamkasblari Islom Qodirov va Muhammad Tojiboyevga qo‘ng‘iroq qilib, Urmonov go‘yoki uni ta’qib qilayotgani va pichoq bilan qo‘rqitayotganini aytgan.

Uchovlon Urmonovni mayda bezorilikda ayblab, kuch ishlatib bo‘limga olib kirishgan. Avval pichoq borligi bahonasida shaxsiy tintuv o‘tkazib, qo‘l kishanlarini taqib, videokamerasiz xonaga olib kirishgan. Dustnazarov Urmonovning yuziga musht bilan urib yiqitgan, Qodirov esa sakrab tizzasi bilan qorni va ko‘kragiga zarba bergan, Tojiboyev ham bir necha marta tepgan.

Natijada Urmonov og‘ir tan jarohatlari olgan. Inspektorlar jinoyatni yashirish uchun uni videokamerasiz xonada va binoning ko‘chadan ko‘rinmaydigan qismida soat 22:34 gacha ushlab turishgan. Keyin uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ma’muriy javobgarlikka tortish uchun IIB navbatchi qismiga topshirishga uringan, biroq navbatchi hujjatlarni to‘liq emasligi sababli qabul qilmagan.

Dustnazarov Urmonovni “Yangi Qurilish” mahallasidagi profilaktik inspektor xonasida 15-avgust tongigacha ushlab, hujjatlarni soxtalashtirgan. U ishni Namangan shahar jinoyat ishlari sudiga yuborgan, biroq sudya kamchiliklarni aniqlab, ishni qo‘shimcha tergovga qaytargan.

16-avgust kuni Urmonovning ahvoli yomonlashgan, Dustnazarov uni xususiy klinikaga olib borib tashlagan. Qarindoshlari uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filialiga o‘tkazgan va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilgani tufayli hayoti saqlanib qolgan.

2025-yil 6-sentabrda Dustnazarov, 8-sentabrda Qodirov va 26-noyabrda Tojiboyev hibsga olingan. Sudda hech biri aybini tan olmagan va bir-biriga to‘nkargan. Dustnazarov Qodirovni ayblagan bo‘lsa, Qodirov xonaga kirmaganini da’vo qilgan. Guvohlar esa uchovlonning xonada bo‘lganini tasdiqlagan.

2026-yil 13-fevralda Namangan shahar jinoyat ishlari sudi ularni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “k” bandi (shafqatsizlarcha og‘ir tan jarohati), 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki xizmat vakolatini suiiste’mol qilish), 230-1-moddasi 2-qismi “a” bandi (dalillarni soxtalashtirish) va 234-moddasi 1-qismi (noqonuniy hibsga olish) bo‘yicha aybdor deb topgan. Dustnazarov 7 yil, Qodirov 6 yil, Tojiboyev 5 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Uchchovi ham ichki ishlar organlarida va davlat muassasalarida 3 yil muddatga ishlash huquqidan mahrum qilingan. Apellyatsiya instansiyasi Dustnazarovga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Source: kun.uz