Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

27 aprel kuni Shveytsariya Federal Jinoyat Sudida O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi va boshqa ayblanuvchilar ustidan sud jarayoni boshlanadi. Bu 14 yil avval qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha navbatdagi huquqiy bosqichdir.

Ayblanuvchilar orasida jismoniy shaxslardan tashqari, korporativ javobgar sifatida Shveytsariya banklari ham bor, deb xabar beradi finews nashri.

Gulnora Karimova va uning biznes hamkorlariga qarshi jinoiy ish Shveytsariyada 2012 yilda qo‘zg‘atilgan. Ular korruptsiya, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvishda ayblanmoqda. 2013 yilda Karimova O‘zbekistonda ham tergovga tortilgan.

Shveytsariya Bosh prokuraturasi aybloviga ko‘ra, taxmin qilingan jinoiy tuzilma “Ofis” deb nomlangan. Ayblov versiyasiga ko‘ra, “Ofis” orqali Karimova O‘zbekiston bozoriga kirishga intilgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora undirgan.

2015 yilda ushbu ish bo‘yicha Jenevadagi Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi tergovga jalb qilingan. U 2008–2012 yillarda “Ofis” bilan bog‘liq shaxslarning bank xizmatlariga oid talablarini qondirib, mablag‘ manbasini yashirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.

Prokurorlar Lombard Odierni pul yuvishda ayblamayapti, biroq bank pul yuvish zanjirining ishtirokchisiga aylanmaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘rganmi, degan savol bankni korporativ jinoiy javobgarlik konsepsiyasi doirasida javobgarlarga qo‘shishga sabab bo‘lgan.

E’tiborlisi, ushbu ish doirasida Shveytsariya Federal Jinoyat Sudining o‘z tarixida birinchi marta mamlakat tashqarisida so‘roq o‘tkazilgan. 2026 yil boshida Toshkentda Karimovaning ikkinchi so‘roqi bo‘lib o‘tgan (u hozirda O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha jazo muddatini o‘tamoqda).

O‘zbekiston tomoni ko‘rsatma berish jarayoniga cheklovlar kiritgan: shveytsariyalik sudyalar savollarni faqat O‘zbekiston Bosh prokuraturasi orqali yo‘naltirgan, ularga ayblanuvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berishga ruxsat berilmagan. Shuningdek, O‘zbekiston tomonining maxfiylik talablari va ularga rioya qilmaslik uchun jinoiy jazo qo‘llash haqidagi ogohlantirishlari tufayli himoyachilar ko‘rsatma berish jarayonida qatnashishdan bosh tortgan. Natijada, bu ko‘rsatmalarning Shveytsariya sudida dalil sifatidagi samaradorligi shubha ostida qolmoqda.

Asosiy ayblanuvchilarning sud majlislarida shaxsan ishtirok etish ehtimoli past: 53 yoshli Gulnora Karimova Toshkentda qamoqda, uning biznes hamkorining joylashuvi noma’lum. Shuning uchun sudyalar sirtdan ish yuritish yoki ishni qismlarga bo‘lish masalasini ko‘rib chiqishlari mumkin.

Source: kun.uz