Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va import qilinadigan dori vositalarining ulushini kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda import qilinadigan dori vositalarining yarmi atigi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchiga, uchta yirik kompaniya esa 40 dan ortiq xorijiy farmkompaniya mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega bo‘lib, importning qariyb yarmini ta’minlayotgani ta’kidlandi. Prezident bunday korxonalarni ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va o‘zlarining xorijiy sheriklari bilan birgalikda O‘zbekistonda brend dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

️ Mahalliylashtirishni rag‘batlantirish uchun royalti solig‘i (brenddan foydalanganlik uchun xorijiy kompaniyalarga to‘lanadigan to‘lovlar) 20 foizdan 5 foizgacha keskin tushiriladi. Bundan tashqari, bir yil davomida O‘zbekistonda yuqori talabga ega bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan korxonalarning texnologiyalar transferi uchun sarflagan xarajatlarining yarmi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi. Mahalliylashtirilgan preparatlar ichki bozorda besh baravar arzonroq bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

️ Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasterini kengaytirish rejalari e’lon qilindi. Eng ko‘p import qilinadigan 100 ta dori vositasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun klaster hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi. Janubiy koreyalik hamkorlar avvalroq farmparkka biriktirilgan 60 gektar yerni boshqaruvga olishni, infratuzilmaga 40 mln dollar investitsiya kiritishni va maydonga Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalarini jalb qilishni taklif qilgan. Mutasaddilarga muzokaralarni yakunlash hamda biofarmatsevtika va kosmetika mahsulotlari sohasida qiymati kamida 400 mln dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.

️ Xalqaro bozorlarga chiqish uchun muhim bo‘lgan EuroGMP sertifikatini olishni rag‘batlantirish maqsadida 1-iyundan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ushbu sertifikat uchun sarflagan xarajatlarining 50 foizi Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasidan qoplab beriladi. Hozirda mamlakatda dori vositalari ishlab chiqaruvchi barcha 58 ta farmatsevtika korxonasi milliy GMP sertifikatini olgan, ammo eksport hajmi 220 mln dollarga yetgan bo‘lsa-da, uning faqat 7 foizi bevosita dori preparatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

️ Yig‘ilishda farmatsevtika korxonalarining davlat xaridlarida ishtirok etishi bilan bog‘liq muammolar ham muhokama qilindi. 51 ta korxona 2000 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun mahalliy mahsulot sertifikatini olgan, biroq mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani sababli 16 ta ishlab chiqaruvchi 178 turdagi mahalliy mahsulotlarni davlat tashkilotlariga yetkazib bera olmayapti. Shu kabi muammo elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va boshqa sohalardagi 811 ta korxona tomonidan ham ko‘tarilgan. Shu munosabat bilan 1-sentabrga qadar mahalliy mahsulot sertifikatiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga, mahalliylashtirish darajasidan qat’i nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

️ Prezident yig‘ilishda farmzonalar bo‘sh turgani va loyihalar yo‘qligi uchun hokimlarni tanqid qildi. Yangi soliq imtiyozlari ham e’lon qilindi: 1-apreldan boshlab O‘zbekistondagi dori vositalari ishlab chiqaruvchilar, joylashgan manzilidan qat’i nazar, yer solig‘idan ozod qilinadi. Farmloyiha ishga tushganidan keyin undan uch yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i undirilmaydi.

Source: www.gazeta.uz