️ Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy 4-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat haqida bayonot berdi. U Donald Tramp ma’muriyatining siyosatini tanqid qilib, AQSh bilan muzokaralar to‘xtatilganini va mintaqadagi... Amerika harbiy bazalari Eronning to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonida ekanini ma’lum qildi.
️ Elchi Tramp ma’muriyatining siyosatiga to‘xtalib, u hokimiyatga kelishda “Amerika birinchi” shiorini ilgari surgani, biroq hozirgi Yaqin Sharq siyosatida Isroil manfaatlari birinchi o‘ringa chiqib qolganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu Isroilning Trampga ta’sir o‘tkazganligini ko‘rsatadi.
️ Muhammad Ali Iskandariy AQShning xalqaro huquq tizimidagi mexanizmlarni izdan chiqarishga urinayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika o‘z zavolining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda, Eron va boshqa qarshilik kuchlari esa bu yo‘lda unga bahona sifatida xizmat qilmoqda.
️ Elchi AQSh kuchlari Yaqin Sharqdagi harbiy bazalardan Eronga hujum qilishda foydalanishini, biroq javob zarbasi berilayotgan vaqtda tinch aholi yashaydigan obyektlarga ko‘chib o‘tib, ulardan “qalqon” sifatida foydalanishini ta’kidladi. U Eronning zarbalari faqat AQSh harbiy bazalari va razvedka markazlariga qaratilganini aytdi.
️ Iskandariyning aytishicha, mintaqa mamlakatlariga uyushtiriladigan ayrim hujumlar Eron tomonidan emas, Isroilning “Mossad” tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. U AQSh harbiy bazalarini Isroil razvedkasining faoliyat markazi deb atadi.
️ Diplomat Amerika bir yilda Isroilga 50 mlrd dollar harbiy yordam berishini ta’kidlab, bu Eronning kamida besh yillik harbiy budjetidan ko‘p ekanligini keltirdi. U Eron qurolli kuchlari tinch aholi obyektlarini nishonga olmasligini va yadro quroliga ega bo‘lishni istamasligini alohida urg‘uladi.