Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilindi. 2027−2030-yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.
Shuningdek, 2027−2035-yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.
Yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Shuningdek, avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida Park&Ride tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Prezidentimiz jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Taqdim etilgan takliflarni ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Source: www.gazeta.uz