Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda banklardan 500 AQSh dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram kanalida xabar berildi.

Yangi tartib Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan idoralararo hujjat asosida joriy etiladi. Hujjat 8-may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mijozlar endi 500 dollargacha bo‘lgan valyutani pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatlarsiz olishlari mumkin bo‘ladi. Hozirda amaldagi tartib bo‘yicha hujjatsiz olish mumkin bo‘lgan summa atigi 100 AQSh dollarini tashkil etadi.

Mazkur o‘zgarishlar 3 oydan keyin kuchga kiradi. Bu muddat bank tizimining yangi qoidalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil davomida O‘zbekistonda fuqarolar sotib olganlaridan ko‘ra ko‘proq valyuta sotgan. O‘rtadagi farq 9,7 mlrd dollargacha (+44,2%) o‘sdi va bozorda qo‘shimcha valyuta manbaiga aylandi.

Source: www.gazeta.uz