O‘zbekistonning eng yirik sport majmuasi «Bunyodkor» stadioni xodimlari og‘ir iqtisodiy ahvolga tushib qolishdi. Kun.uz’ga murojaat qilgan «Bunyodkor» stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi» MChJ xodimlarining aytishicha, ularga o‘tgan yilning dekabridan beri ish haqi to‘lanmagan.
Xavfsizlik xizmati xodimi Aziz Mansurovning so‘zlariga ko‘ra, dekabrdan beri u bor-yo‘g‘i bir marta 1 million so‘m va ikki marta 500 ming so‘m olgan. «Ish haqi haqida so‘rasak, rahbarlar ertaga, indin beramiz, deb va’da berishadi. Hammamizning kreditlarimiz, bolalarimiz bor. Mening uyimdan televizor va muzlatkichni olib ketishdi. Qayerga murojaat qilishni bilmaymiz», deydi u.
Yana bir xodim Dilfuza Mahmudova futbol rahbariyati jahon chempionatiga ketib qolsa, maoshlar yana oylab kechiktirilishidan qo‘rqishini bildirdi. «To‘y qiladiganlar, dafn marosimi o‘tkazadigan oilalar bor. Bizga yordam bering. Agar rahbarlar Amerikadagi chempionatga ketishsa, biz nima qilamiz? Gaz, suv, elektr to‘lovlari bor», deydi u.
Xavfsizlik xodimi Abduvahob Allaberganovning ta’kidlashicha, futbolchilar va akademiya xodimlari maosh olgan, ammo direksiya xodimlari ololmagan. «Mening maoshim atigi 4 million so‘m, lekin uni ham ololmayapman. Uydagi narsalarni sotishga majbur bo‘ldim», deydi u.
«Bunyodkor» direksiyasi bosh muhandisi Bahodir Rajabov vaziyatni izohlab, maoshlar may oyi oxiriga kelib to‘lanishi kutilayotganini aytdi. To‘lovlar yangi homiy topilishiga bog‘liq. «Tashkilotimiz «O‘zbekneftgaz» homiyligida edi. Homiylik yuqoridan to‘xtatildi. Shuning uchun maoshlar kechikdi. Xatlar yozdik, rahbarlar ishlamoqda. Homiylik aniqlangandan keyin barcha xodimlar maosh oladi», deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Bunyodkor» direksiyasini moliyalashtirish 2018-yildagi prezident qarori asosida «O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilgan. Biroq 2026-yil 1-yanvardan boshlab kompaniya «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublariga mablag‘ ajratishni to‘xtatgan. Bunga gaz qazib olishning qisqarishi va tizimli muammolar sabab bo‘lgan. Har bir Superliga klubiga davlat budjetidan 2026-yilda 35 mlrd so‘m, 2027-yilda 30 mlrd so‘m va 2028-yilda 25 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan, ammo «Bunyodkor» direksiyasini moliyalashtirish noaniqligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Bunyodkor» O‘zbekistondagi eng yirik sport majmuasi bo‘lib, 2008-yilda qurilishi boshlangan, ammo Zeromax kompaniyasining bankrotligi tufayli to‘xtagan. Keyinchalik davlat tomonidan qurib bitkazilgan. Loyiha qiymati taxminan 250 million dollarni tashkil etgan. Stadion dastlab 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lsa, keyinchalik sig‘imi 34 mingga qisqartirilgan.
Source: kun.uz