7-may kuni Nurafshon — Piskent — Bo‘ka — Bekobod — Boyovut — Yangiyer elektrlashtirilgan temiryo‘l tarmog‘ining qurilishi boshlandi, deya xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi. Toshkent va Sirdaryo viloyatlarini bog‘laydigan yo‘lning uzunligi 110 kmni tashkil etadi.
Qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar Toshkent viloyatining birdaniga ikkita tumanida — O‘rta Chirchiq va Bekobod tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Ularda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev hamda videoaloqa orqali Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Nurafshon va Bekobodda ramziy ma’noda ilk qoziqlarni qoqib berdi. Quruvchilar ushbu ikki shahar o‘rtasidagi temir yo‘lning birinchi qismini bir-birlariga qarab yotqizishni boshlaydi.
Loyiha doirasida 4 ta temiryo‘l stansiyasi, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik va bitta tortuvchi podstansiya qurilishi rejalashtirilgan.
Zoyir Mirzayev yangi temiryo‘l tarmog‘i viloyatning iqtisodiy o‘sishini tezlashtirish, aholi bandligini oshirish va hududlarning transport bog‘liqligini yaxshilashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Bo‘lajak liniya avtomobil va temiryo‘llari bilan kesishmaydi, aholi punktlarini aylanib o‘tadi va atrof-muhitga salbiy ta’siri minimal bo‘ladigan tarzda loyihalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Ushbu va boshqa elektrlashtirilgan yo‘nalishlarni qurish rejalari haqida 2025-yil noyabr oyida xabar berilgan edi. Umuman olganda, 2030-yilgacha 151 km yangi yo‘llar qurish, amaldagi 182 km yo‘lni elektrlashtirish, 27 ta stansiyani modernizatsiya qilish va 1000 km temiryo‘lni yangilash ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz