O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov “Jadid.uz” nashriga bergan intervyusida mamlakatda ilmiy darajalar olish jarayonidagi jiddiy muammolar, korrupsiya va “pirat” ilmiy jurnallar bilan bog‘liq vaziyat haqida keskin fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ilmiy darajalar olish ko‘rsatkichlari o‘n baravar oshgan bo‘lsa-da, bu o‘sish sifat emas, balki sifatsizlik va plagiatning keng tarqalganligi bilan bog‘liq.
Ayupov ta’kidlashicha, ilmiy darajalar olish uchun davlat tomonidan berilgan imtiyozlar (kandidatlarga 30%, doktorlarga 60% qo‘shimcha to‘lov) ijobiy tashabbus bo‘lsa-da, bu imkoniyatlar keng miqyosda suiiste’mol qilinmoqda. U o‘zi 1997–2003 yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lgan davrda yiliga 100 ga yaqin doktorlik va 500–600 kandidatlik dissertatsiyalari himoya qilinganini, ammo hozir bu raqamlar o‘n baravar oshib, ko‘plab ishlar sirtqi va plagiatga asoslanganligini aytdi.
“Rahbar lavozimiga tayinlandi — ikki yildan keyin PhD. Yana ikki-uch yildan so‘ng — fan doktori. Qachon bunday rahbar fan bilan shug‘ullanadi? Uning o‘z ishlari juda ko‘p. Men o‘zim bu lavozimda turib ko‘ryapman: kitob o‘qish uchun ham vaqt yo‘q. Yirik rahbarlar kandidat va fan doktori bo‘lib qolmoqda. Ulardan fanga qanday foyda?” — degan fikrlarni bildirgan Ayupov, bu holatning O‘zbekiston ilm-fanining obro‘siga jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidladi.
Fanlar akademiyasi prezidenti, shuningdek, O‘zbekistonning “pirat” ilmiy jurnallarda eng ko‘p maqolalar chop etish bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarda turishi haqidagi ma’lumotlarni eslatib, bu holatni mamlakat ilmiy obro‘siga “ulkan dog‘” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sifatsiz ilmiy ishlarning aksariyati oliy ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladi, bu esa tizimli muammoni ko‘rsatadi.
Ayupov Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu muammo haqida xabardor ekanligini va tizimni isloh qilish zarurligini ta’kidladi. U ilgari plagiatga asoslangan dissertatsiyalarni bekor qilish kerakligini aytgan bo‘lsa-da, amalda bunday choralar ko‘rilmaganligini, bu esa muammoning chuqurligini ochib beradi.
Source: kun.uz