Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga rasmiy tashrifi doirasida muhokamalar va kelishuvlarga erishildi. Delegatsiya Vitebsk viloyatining Braslav, Shumilin va Postav tumanlaridagi chorvachilik komplekslari va savdo obyektlarini o‘rganib chiqdi. Viloyat rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak qorako‘lchilik” korxonalari va “Sirotinskiy” chorvachilik fermasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada, O‘zbekiston tomoni Belarusning 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga olishga kelishib olindi. Ushbu yer negizida keng ko‘lamli loyiha amalga oshiriladi, birinchi bosqichda 1 ming bosh qoramol yetishtirilishi rejalashtirilgan.

Eksport yo‘nalishida ham bitim imzolandi: “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi Belarusning “Dobronom” savdo tarmog‘iga har yili 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi. Yetkazib beriladigan mahsulotlar qatoriga quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum kiradi.

Tomonlar gumanitar hamkorlikni ham muhokama qildi. Turistik aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun tanishuv safarlarini tashkil etishga kelishildi. Shuningdek, Belarus Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Yuriy Senko bilan uchrashuvda Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining Minsk shahrida gastrol dasturini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Avvalroq Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston elchisi bilan uchrashuvda O‘zbekistonga AES qurilishida yordam berishga tayyorligini bildirgan edi. Uning aytishicha, bu O‘zbekiston bozori ko‘lamini hisobga olganda Belarus uchun ham foydali. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish taklif qilingan.

Source: www.gazeta.uz