O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida neft-gaz tarmog‘ida barqaror ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ta’minlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot berildi. Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari, ikkinchi chorakdagi asosiy vazifalar, ishlab chiqarish hamda moliyaviy ko‘rsatkichlar dinamikasi chuqur tahli qilingan.
Hisobotda qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish, mavjud yo‘qotishlarni qoplash, quduqlarni ishga tushirish, ta’mirlash va texnologik tadbirlar izchillik bilan olib borilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, xarajatlarni maqbullashtirish, debitor qarzdorlikni qisqartirish, resurslardan samarali foydalanish hamda ayrim yo‘nalishlarda bozor mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlanayotgani ta’kidlandi.
Quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda bir qator texnologik yechimlar o‘rganilayotgani va ularni bosqichma-bosqich amaliyotga kiritish ko‘zda tutilayotgani aytildi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham batafsil axborot berildi. Jumladan, 2D va 3D seysmik-qidiruv tadqiqotlari ko‘lamini oshirish, yangi maydonlarda burg‘ilash ishlarini boshlash, burg‘ilash dasturlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish, shuningdek, supervayzing, geologik-gidrodinamik modellashtirish va loyihalashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘rta muddatli dasturlar doirasida qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarda ishlash, chuqur va murakkab quduqlarni burg‘ilashda ilg‘or xorijiy tajribani jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari neft-gaz tarmog‘ida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan unumli foydalanish, geologiya-qidiruv, burg‘ilash va ta’mirlash ishlarini tizimli asosda tashkil etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Source: www.gazeta.uz