Navoiy viloyatidagi Navoiy Issiqlik Elektr Stansiyasida (TET) 650 megavatt quvvatga ega yangi paro-gaz qurilmasi qurilishi davom etmoqda. O‘zbekiston Energiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha ishga tushgandan so‘ng har yili 4,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi va 200 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi, bu esa yiliga 870 million kubometr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Hozirda qurilish ishlarida 2400 dan ortiq mutaxassis ishtirok etmoqda. Ularning asosiy qismini mahalliy kadrlar tashkil qiladi, texnik ishlarga esa xorijiy muhandislik-texnik mutaxassislar ham jalb qilingan. Bundan tashqari, ob’ektda 200 dan ortiq maxsus texnika qo‘llanmoqda.
Loyiha doirasida ma’muriy binolar qurilmoqda, gaz va bug‘ turbinalari, generatorlar, qozon-utilizator, gradiyen va boshqa asosiy va yordamchi inshootlar o‘rnatilmoqda. Loyiha Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya ishlab chiqargan zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Loyihaning general pudratchisi yaponiyalik "Mitsubishi Corporation" va "Mitsubishi Power Ltd." kompaniyalari konsorsiumi hisoblanadi, subpudratchi sifatida esa turkiyalik "Çalık Enerji" kompaniyasi jalb qilingan. Bu loyiha mamlakatning energetik xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Source: kun.uz