O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (UzNIFF) o‘zining oddiy aksiyalarini Toshkentdagi Respublika fond birjasida va depozitar kvitantsiyalarini (GDR) London fond birjasining asosiy bozorida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu harakat fondning xalqaro va mahalliy investorlar uchun ochiq bo‘lishga intilishini ko‘rsatadi.
UzNIFF 2024-yil avgust oyida Prezident qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish, iqtisodiyot va kapital bozorlarini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat nazoratidagi yirik kompaniyalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish, shuningdek portfel kompaniyalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirishdan iborat.
Franklin Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Danning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilgan IPO O‘zbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi, chunki u xorijiy investorlarga mamlakatning islohotlar doirasida tez modernizatsiya qilinayotgan iqtisodiyotiga kirish imkoniyatini birinchi marta taqdim etadi. Bundan tashqari, bu kapital bozorlarining rivojlanishida muhim bosqich bo‘lib, fuqarolarga iqtisodiy o‘sishda ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, UzNIFFning portfel kompaniyalaridagi ulushlarining umumiy sof aktivlar qiymati 2,44 milliard AQSh dollarini tashkil etadi, bunda transport sektori 32,4% ni, energiya 19,1%, telekommunikatsiyalar 15,2%, kommunal xizmatlar 14,9%, bank sektori 13,4% va boshqalar 4,9% ulushga ega. Iqtisod va moliya vazirligi kompaniyaning yagona aktsiyadori hisoblanadi, Franklin Templeton Asset Management esa O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan holda fondning ishonchli boshqaruvchisi sifatida investitsion boshqaruv xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Source: kun.uz