Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov Kanadada bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining to‘qqizinchi turida nemis grossmeysteri Mattias Blyubaumga qarshi o‘tkazilgan partiyada g‘alabali variantni qo‘ldan chiqargani haqida Chess24 nashriga bergan intervyusida fikr bildirdi. Sindarovning aytishicha, uning qaroriga turnir jadvalidagi holati va yanada ishonchliroq o‘ynash istagi ta’sir qilgan. U turnir boshida bo‘lganida ko‘proq jasorat ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“Menimcha, biz birinchi turda o‘ynaganimizda, bu yo‘lni topgan bo‘lardim. Ammo bugun iloji boricha puxta o‘ynashga harakat qildim. Endshpilda shunchaki bitta piyoda yutib oldim va shu ruhda davom etmoqchi edim, lekin uning f5 yurishini butunlay ko‘zdan qochiribman. Bu yurish juda kuchli bo‘lib chiqdi”, – dedi Sindarov. Grossmeyster o‘z uslubiga ko‘proq mos keladigan keskin o‘yin o‘rniga endshpilni tanlaganidan afsusda ekanini qo‘shimcha qildi: “Shundan so‘ng o‘sha pozitsiyada o‘ynamaganim naqadar ahmoqlik bo‘lganini tushundim. Farzinlar ishtirokidagi variantni nazarda tutyapman – axir bu mening uslubim-ku”.

Partiyadan keyingi tahlillar oqlar uchun paradoksal g‘alabali yurish borligini ko‘rsatdi – bu farzinning b7 xonasiga chekinishi edi. Sindarov o‘yin paytida bu variant unga juda noaniq tuyilganini tan oldi. “Bu yurishni ko‘rish juda qiyin. Odatda Fa5 o‘ynash istagi tug‘iladi – menimcha, bu ham men qilgan ishdan ko‘ra yaxshiroq edi, lekin Fb7 meni lol qoldirdi. Ehtimol, ko‘proq vaqt sarflaganimda, uni topardim, lekin juda tez o‘ynadim. Menga aniq g‘alabali yo‘l yo‘qdek tuyildi, o‘sha paytda endshpilga o‘tish eng yaxshi tanlovdek edi”, – deya tushuntirdi u.

Shaxmatchi uchrashuv natijasidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi va shunday dedi: “Chindan ham xafa bo‘lib ketdim. f5 yurishi meni shunchaki „o‘ldirdi“”. “Pozitsiya to‘liq mening uslubimda edi va biz, masalan, Fe5 yoki Fb7 o‘ynab, farzinlarni almashtirmaganimizdan hafsalam juda pir bo‘ldi. O‘sha pozitsiyada qoralar hujum qilayotgan edi va oqlar qanday himoyalanishini bilmayman. f5 yurishini ko‘zdan qochirganimdan xafaman. Sxa4 o‘rniga istalgan boshqa yurish yaxshiroq bo‘lardi”, – dedi Javohir.

Intervyu paytida yonidan o‘tib ketayotgan Nomzodlar turnirining ikki karra g‘olibi, rossiyalik Yan Nepomnyashiy qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida o‘zbekistonlik shaxmatchiga ko‘z qisib qo‘ydi. Sindarov unvonga ega maslakdoshlari tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborni yuqori baholashini ta’kidladi. “Bunday masterlardan hurmat ko‘rish doim yoqimli. Umid qilamanki, turnir men uchun yaxshi yakunlanadi”, – dedi Javohir.

Shu bilan birga, u hozirda turnir jadvali va ortiqcha stressdan uzoqlashgan holda, bor e’tiborini faqat o‘yinga qaratayotganini aytib o‘tdi: “Shunchaki yaxshi shaxmat o‘ynashni va o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishni istayman”. O‘zbekistonlik grossmeyster turnirning hal qiluvchi pallasi oldidan optimizmni saqlab qolmoqda. Sindarov oldinda yana beshta partiya borligini, ulardan uchtasini oq donalarda o‘tkazishini eslatib o‘tdi. “Tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtim bo‘ladi. Durang ham yomon natija emas”, – deya xulosa qildi u.

Partiyadan keyingi matbuot anjumanida Mattias Blyubaum o‘z pozitsiyasini mag‘lubiyatga uchragan deb hisoblaganini ma’lum qildi. “Ma’lum bir lahzagacha o‘zimni xuddi masxaraboz kabi o‘ynayotgandek his qildim. a4 yurishidan keyin esa o‘z hayotimdan shunchaki nafratlanib ketdim. Taslim bo‘lmoqchi edim. Pozitsiya barcha ehtimoliy yo‘llar bilan boy berilgandek tuyilgandi. Ammo, xayriyatki, u menga ushbu endshpilga o‘tishga imkon berdi va men, albatta, uni duranggacha ushlab qolishim kerak edi”, – deb tan oldi Blyubaum.

Grossmeyster, shuningdek, Sindarovning farzin gambitidagi (dxc4) debyut tayyorgarligiga hozir bo‘lmaganini va bu uni ilk yurishlardan boshlab hisob-kitoblar uchun ko‘p vaqt sarflashga majbur qilganini ta’kidladi. Uzun rokirovka haqida gapirar ekan, Blyubaum o‘z tanlovini “tabiiy rivojlanish”ga intilish bilan izohladi, shu bilan birga, shohning xavfsizligi borasidagi baholari xato bo‘lganini tan oldi. “Ehtimol, men shunchaki ahmoqdirman va yakunda shunday bo‘lib chiqdim ham. Demoqchimanki, bu yurish tabiiy ko‘ringan edi… Bu, albatta, kurash foydasiga qilingan tanlov emasdi, shunchaki men uchun bu qisqa rokirovkaga qaraganda tabiiyroq tuyilgandi”, – deya izoh berdi Mattias.

Javohir Sindarov, o‘z navbatida, debyutdan keyingi pozitsiya u uchun juda qulay bo‘lganini tasdiqladi: “Juda tez hujum qilaman. Shuning uchun bunday pozitsiya mening uslubimga mos. Va bu menga yoqadi”. Parallel kechgan bahsda Anish Giri Fabiano Karuana ustidan g‘alaba qozondi. U avvalgi partiyada Rameshbabu Praggnanandhani ham mag‘lub etgan edi va endilikda 5,5 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Sindarovning eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqi 1,5 ochkoni tashkil etmoqda.

Navbatdagi, 14 turdan iborat musobaqaning 10-partiyasini o‘zbekistonlik shaxmatchi oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaga qarshi o‘tkazadi. 2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelga qadar Kiprda bo‘lib o‘tmoqda va unda sayyoraning sakkiz nafar eng kuchli grossmeysteri ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davrada (14 tur) o‘zaro kurash olib boradi. G‘olib amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs yuritish huquqini qo‘lga kiritadi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.

Source: www.gazeta.uz