O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Kobulda Afg‘onistonning sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining yuqori sifati va raqobatbardoshligi ta’kidlanib, ikki tomonlama savdo hajmini 500 million AQSh dollarigacha oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu maqsadga erishish uchun qo‘shma operativ ishchi guruh tashkil etish zarurligi qayd etildi, shuningdek, Good Distribution Practice (GDP) standartlari asosida hamkorlikni rivojlantirish va yirik distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Delegatsiya, shuningdek, Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri Mavlavi Nur Jalol bilan uchrashuv o‘tkazib, farmatsevtika mahsulotlari, tibbiy buyumlar va biologik faol qo‘shimchalar sifatini baholash bo‘yicha afg‘on mutaxassislarining malakasini oshirish, O‘zbekiston mahsulotlarini Afg‘onistonga yetkazib berish hajmini kengaytirish va qo‘shma loyihalar orqali ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar bu kelishuvlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.
Kobuldagi uchrashuvlar doirasida delegatsiya Afg‘onistonning Dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (AFDA) rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, unda O‘zbekistondan Afg‘onistonga farmatsevtika mahsulotlari eksporti jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining uzoq davom etayotgani asosiy to‘siq sifatida qayd etildi. Uchrashuvda qator takliflar ilgari surildi: O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarini Afg‘onistonda targ‘ib qilish maqsadida shourum tashkil etish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Afg‘onistonda o‘tkaziladigan davlat xaridlarida ishtirokini ta’minlash, shuningdek qo‘shma loyihalar orqali eksport hajmini oshirish.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori asosida Afg‘oniston hukumati bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan edi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Hodjayev fevral oyida O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan o‘zaro savdoni 2026-yil oxirigacha 2025-yildagi 1,7 milliard dollardan 5 milliard dollarga yetkazmoqchiligini aytgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston-Afg‘oniston ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi, u qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarni qamrab oladi, tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelishib oldi.
Source: www.gazeta.uz