Belgiyaning Buggenhout shahri yaqinida tez yuradigan poyezd temir yo‘l kesishmasida maxsus ehtiyojli bolalarni tashigan mikroavtobusni urib yubordi. Hodisa oqibatida kamida to‘rt kishi, jumladan ikki bola halok bo‘ldi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni ertalab soat 9:30 atrofida mikroavtobus yopiq temir yo‘l kesishmasidan o‘tib ketgan. Poyezd 120 km/soat tezlikda kelayotgan bo‘lib, tormozlashga ulgurmagan.
Infra-Bel temir yo‘l operatori vakili Frederik Sakrning aytishicha, zarba juda kuchli bo‘lgan. Sharqiy Flandriya prokuraturasi matbuot kotibi Liza De Vilde 49 yoshli haydovchi, 27 yoshli yo‘lovchi va 12 va 15 yoshli ikki bola halok bo‘lganini, besh nafar bola og‘ir yaralanib kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Federal politsiya matbuot kotibi An Berger mikroavtobus haydovchisi to‘siqni yorib o‘tganini aytdi. Voqea sabablari hali aniqlanmagan, biroq to‘siq yopiq va qizil chiroq yonayotgani ma’lum.
Belgiya Bosh vaziri Bart De Wever va Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen hodisadan chuqur qayg‘urganliklarini bildirib, jabrlangan oilalarga ta’ziya izhor qildilar. Poyezdda 100 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan, ularga hech qanday zarar yetmagan. Hududda temir yo‘l harakati to‘xtatilgan.
Source: www.aljazeera.com