Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

8-aprelga o‘tar kechasi Pokiston vositachiligida AQSh va Eron o‘t ochishni ikki haftaga to‘xtatish rejimini joriy etishga kelishib oldi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga Hurmuz bo‘g‘ozini ochish va Qo‘shma Shtatlar bilan bitim tuzish uchun bergan ultimatum muddati tugashiga bir necha soat qolganda sulh e’lon qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, sulhning asosiy sharti Hurmuz bo‘g‘ozining “to‘liq, tezkor va xavfsiz ochilishi” bo‘ldi. Eron TIV mamlakat harbiylari ushbu davrda bo‘g‘oz orqali kemalar o‘tishini ta’minlashini tasdiqladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShning Eronga beriladigan zarbalarni to‘xtatish qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, biroq ikki haftalik sulh “Livanni o‘z ichiga olmasligini” aytdi. Bu Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning o‘t ochishni to‘xtatish rejimi “hamma joyga, jumladan, Livanga ham taalluqli” ekani haqidagi bayonotiga mutlaqo zid edi. O‘sha kunning o‘zida Isroil Livanga o‘zi “eng kuchli zarbalar” deb atagan hujumlarni uyushtirdi, natijada kamida 357 kishi halok bo‘ldi.

Sulhning birinchi kunida Hurmuz bo‘g‘ozi asosan bloklangan holatda qoldi, undan faqat beshta kema o‘ta oldi (28-fevralda urush boshlanguniga qadar bo‘g‘ozdan kuniga 110 tagacha kema o‘tar edi). Taxminlarga ko‘ra, Eron bo‘g‘ozga yotqizilgan minalarning bir qismini topa olmagani sababli uni ocha olmagan. Tehron, shuningdek, Livanga qilingan hujumlar munosabati bilan AQSh va Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.

11-aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobodda AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari boshlandi. AQSh delegatsiyasiga vitse-prezidenti Jey Di Vens boshchilik qildi, uning tarkibidan Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham joy oldi. Eron delegatsiyasiga esa parlament spikeri Muhammad Bager Galibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi rahbarlik qildi. Tomonlarning maslahatlashuvlari 21 soat davom etdi, ammo kelishuvga erishilmadi.

Jey Di Vens AQSh va Eron kelishuvga erisha olmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning asosiy vazifasi Tehrondan yadro qurolini ishlab chiqmaslik bo‘yicha “qat’iy majburiyat” olish bo‘lgan, biroq “eronliklar ularning shartlarini qabul qilmaslikka qaror qilgan”. Oq uyning yana bir sharti Hurmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish edi. Eron esa, o‘z navbatida, muzokaralar AQSh tomonidan qo‘yilgan “haddan tashqari yuqori” talablar tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolganini bayon qildi.

Muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Donald Tramp AQSh Eron portlariga kirishga urinayotgan “barcha kemalarni istisnosiz bloklashni” boshlashini e’lon qildi. AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Fors va Ummon qo‘ltiqlaridagi Eron portlarini blokada qilishga kirishdi. Eron buni “qaroqchilik” deb atadi va Eron portlariga xavf tug‘ilgan taqdirda, mintaqadagi biror port “xavfsizlikda bo‘lmasligi” haqida ogohlantirdi.

14-aprel kuni Vashingtonda Isroil va Livan diplomatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu ikki davlat o‘rtasida so‘nggi o‘ttiz yildan ziyod vaqt ichida o‘tkazilgan ilk shunday uchrashuv bo‘ldi. AQSh ushbu muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etdi. Isroil va Livan AQSh vositachiligida 17-apreldan kuchga kirgan 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishdi.

Isroil va Livan o‘rtasida vaqtinchalik sulh tuzilganiga javoban Eron AQSh bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qiladigan davr yakuniga qadar Hurmuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi. Donald Tramp ushbu qarorni olqishladi, biroq Tehron Vashington bilan kelishuv tuzmaguncha, AQSh tomonidan Eron portlariga qo‘yilgan blokada o‘z kuchida qolishini bayon qildi.

AQSh Eron portlari blokadasini bekor qilishdan bosh tortgani sababli Eron Hurmuz bo‘g‘ozini qayta yopdi. “AQSh Erondan chiqayotgan va Eronga kelayotgan kemalar uchun to‘liq kema qatnovi erkinligini tiklamaguncha, Hurmuz bo‘g‘ozining maqomi qat’iy nazorat ostida va avvalgi holatida qolaveradi”, deya bayonot berdi Eron Qurolli kuchlari.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Eron portlariga qo‘yilgan AQSh blokadasini yorib o‘tishga uringan Touska yuk kemasini qo‘lga oldi. Eron rasmiylari kemaning qo‘lga olinishini sulhning buzilishi deb atadi va bunga javob qaytarishga va’da berdi. Shu bilan birga, Donald Tramp 22-aprel kuni Pokistonda muzokaralarning yangi bosqichi boshlanishini e’lon qildi. U agar Tehron kelishuv tuzishdan bosh tortsa, Erondagi barcha elektrostansiya va ko‘priklarni yo‘q qilish bilan yana bir bor tahdid qildi.

Donald Tramp Pokistonning iltimosiga ko‘ra, Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Tehron o‘z tinchlik taklifini taqdim etguniga qadar va muzokaralar yakunlanguncha uzaytirganini e’lon qildi. U AQSh Eron portlari blokadasini davom ettirishini ta’kidladi. Eron rahbariyati muzokaralarning ikkinchi bosqichida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bunga sabab sifatida Eron tomoni AQSh tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishini va Vashingtonning sulh uchun qo‘yayotgan haddan tashqari og‘ir shartlarini ko‘rsatdi.

Buyuk Britaniya dengiz savdo amaliyotlari boshqarmasi (UKMTO) Hurmuz bo‘g‘ozida ikkita konteyner tashuvchi kemaga hujum qilingani haqida xabar berdi. UKMTO ma’lumotlariga ko‘ra, holatlarning birida kemaga nisbatan Eron harbiylari o‘t ochgan. Buyuk Britaniya va Fransiya Londonda 30 dan ortiq davlat harbiy reja tuzuvchilari ishtirokida uchrashuv o‘tkazadi. Ikki kunlik sammit Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta‘minlash va kemalar qatnovini qayta tiklash rejasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan.

Source: www.gazeta.uz