NASAning Artemis II missiyasi ekipaji Yerga muvaffaqiyatli qoʻndi. Bu missiya odamlarni Oy atrofida olib chiqib, 50 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta Yerga qaytarish boʻyicha muhim bosqich hisoblanadi. Ekipaj Juma kuni Tinch okeaniga parashyutlar yordamida qoʻndi, Yer atmosferasidan yuqori tezlikda oʻtib, soat 17:07 da (GMT 00:07) Kaliforniya qirgʻoqlari yaqinida suvga tushdi. Qutqaruv guruhlari ularni olib ketish uchun kutayotgan edi.
Toʻrt astronavt hozirda tibbiy tekshiruvlardan oʻtmoqda, soʻngra NASAning Xyustondagi Jonson kosmik markaziga qaytadi. Ekipaj aʼzolari Rid Vizman, Viktor Glover va Kristina Koch, shuningdek, kanadalik astronavt Jeremi Hansen oʻtgan hafta Floridadagi Kennedi kosmik markazidan 10 kunlik sayohatni boshlagan edi. Ular inson qadami yetmagan masofalarga borib, Oyning uzoq tomoni atrofida aylanishdi, chuqur kosmosda uskunalarni sinab koʻrdi, keyin esa Yerga qaytdi.
Bu missiya 1972-yildagi Apollon 17 missiyasidan keyin birinchi Oyga yoʻnaltirilgan sayohat boʻldi va uning muvaffaqiyatli yakunlanishi bir qator texnik yutuqlarni oʻz ichiga oladi. Artemis II kelajakdagi Oy missiyalari, xususan, Apollon davridan keyin birinchi marta astronavtlarni Oy yuzasiga qoʻndirishni maqsad qilgan Artemis IV uchun muhim sinov parvozidir. Muhandislar endi missiyadan olingan asosiy maʼlumotlarni, jumladan Orion kapsulasining issiqlik qalqoni, navigatsiya tizimlari va hayotni qoʻllab-quvvatlovchi texnologiyalar ishlashini tahli qilmoqda.
Qaytish jarayonida eng qiyin bosqichlardan biri – qayta kirish paytidagi qisqa muddatli aloqa uzilishi boʻldi, bunga kosmik kemani oʻrab olgan kuchli issiqlik sabab boʻldi. Bundan tashqari, missiya bir qator tarixiy birinchi yutuqlarni ham qayd etdi: Glover Oy atrofida sayohat qilgan birinchi qora tanli shaxs, Koch birinchi ayol, Hansen esa birinchi amerikalik boʻlmagan astronavt boʻldi. Ekipaj sayohat davomida Oy yuzasining xususiyatlarini batafsil tasvirlab berdi, quyosh tutilishi va meteorit zarbalarini kuzatdi.
Missiya komandiri Vizman: "Bizning asl umidimiz shundaki, biz bir lahza dunyoni toʻxtatib, bu goʻzal sayyora olamimizda juda maxsus joy ekanligini eslatishimiz mumkin edi. Biz barchamiz berilgan neʼmatlarni qadrlashimiz kerak", deb taʼkidladi. Astronavtlarning joʻnab ketishidan beri har kuni ertalab NASA Artemis II ga kunni boshlash uchun qoʻshiq yubordi, Juma kuni ular "Run to the Water" va "Free" qoʻshiqlarini eshitib uygʻonishdi.
Source: www.aljazeera.com