AQSh rahbariyati Eronni Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft o‘tishini ta’minlash bo‘yicha kelishuv shartlarini “juda yomon, hatto insofsizlarcha” bajarayotgani haqida bayonot berdi. AQSh rahbari Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozgan postida: “Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft o‘tishini ta’minlash masalasini juda yomon — hatto insofsizlarcha desa ham bo‘ladi — uddalamoqda. Bu biz tuzgan kelishuv emas!” deb ta’kidladi.
Boshqa bir postida Tramp Eronni bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan haq undirishdan ogohlantirdi: “Eron Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan tankerlardan pul undirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda — bu shunday bo‘lmagani ma’qul, agar shunday bo‘lsa, ularga buni zudlik bilan to‘xtatishni maslahat beraman”. Bu ogohlantirishlar AQSh-Eron o‘rtasidagi ikki haftalik sulh kelishuvining nozik holatini yanada murakkablashtirmoqda.
Reuters agentligining ma’lum qilishicha, sulh juma kuni — Pokistondagi muzokaralar boshlanishidan bir kun oldin yanada inqirozli holatga kelgan. Vashington Tehronni Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha bergan va’dalarini buzishda ayblayotgan bir paytda, Isroil Livanga zarbalar bermoqda — Eron bu hujumlarni sulh shartlarining buzilishi deb da’vo qilmoqda. Sulh e’lon qilinganidan so‘ng Isroil qiruvchi samolyotlari Livan bo‘ylab 10 daqiqalik shiddatli havo hujumini amalga oshirdi, natijada kamida 303 kishi halok bo‘ldi va 1150 kishi yaralandi.
Eron tomonidan bo‘g‘ozda o‘rnatilgan va dunyo energiya ta’minotida tarixdagi eng og‘ir uzilishlarga sabab bo‘lgan qariyb to‘liq blokada olib tashlanayotganidan hech qanday darak yo‘q. Tehron Isroilning Livanga davom etayotgan hujumlarini (jumladan, chorshanba kungi eng kuchli zarbalarni) kelishuvga to‘siq bo‘layotgan asosiy sabab sifatida keltirmoqda. Tramp 8-aprelga o‘tar kechasi Eron bilan ikki haftalik sulh e’lon qilgan va Hurmuz bo‘g‘ozi zudlik bilan ochilishi sharti bilan AQSh bombardimonlarni to‘xtatishini va’da bergan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Eron va AQSh muzokaralarni boshlash uchun zarur bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini turlicha tushunmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozi hali ham amalda yopiqligicha qolmoqda, u yerdan o‘tayotgan kemalar esa Eron bilan kelishishga majbur bo‘lmoqda. Tramp seshanba kuni e’lon qilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining dastlabki 24 soati ichida bo‘g‘oz orqali atigi bitta neft mahsulotlari tashuvchi tanker va beshta quruq yuk tashuvchi kema o‘tgan. Urushga qadar ushbu bo‘g‘oz orqali kuniga o‘rtacha 140 ta kema o‘tar va dunyodagi neft hamda suyultirilgan tabiiy gaz oqimining beshdan bir qismi tashilar edi.
Source: www.gazeta.uz