Rossiyaning Novosibirsk shahridagi Tolmachyovo aeroportida bojxona xodimlari Andijonga uchayotgan 33 yoshli chet el fuqarosining yukida 2,8 million rubl (taxminan 37,4 ming dollar) miqdoridagi pulni aniqladi.
Yo‘lovchi «yashil yo‘lak»ni tanlab, deklaratsiya qilinadigan tovarlari yo‘qligini bildirgan. Biroq rentgen tekshiruvi vaqtida uning yukida katta miqdordagi naqd pul topilgan.
Ushbu fakt bo‘yicha yirik miqdordagi naqd pul mablag‘larini kontrabanda qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda sanktsiyasi o‘n baravardan o‘n besh baravargacha jarima yoki to‘rt yilgacha ozodlikni cheklashni nazarda tutadi.
Rossiya Federal Bojxona Xizmati matbuot xizmati xabar berishicha, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi chegarasini kesib o‘tishda 10 ming dollardan ortiq naqd pullarni yozma ravishda deklaratsiya qilish majburiydir.
Bu birinchi bunday holat emas. Avvalroq Novosibirsk bojxona xodimlari Rossiyadan 1,5 million rublni noqonuniy olib chiqishga urinishning oldini olgan edi. O‘shanda yo‘lovchi Novosibirsk-Farg‘ona reysida «yashil yo‘lak»ni tanlab, pullarni deklaratsiya qilmagan.
Source: podrobno.uz