Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi o‘zbekistonlik ayol va qizlarni Yaponiyada qariyalarni parvarishlash sohasida ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlikning “Xorijda ish” Telegram kanalida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, dastur doirasida ishtirokchilar Toshkent shahrida tashkil etiladigan kurslarda 6 oy davomida yapon tili va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha mutlaqo bepul ta’lim oladi. Kurslar grant asosida o‘tkaziladi.
Dasturda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Hamshiralik sohasi vakillariga ustunlik berilishi qayd etilgan.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, o‘qish davrida ishtirokchilar turar joy bilan ta’minlanadi. Viza xizmatlari, Yaponiyaga jo‘natish va ishga joylashtirish xarajatlari ham kompaniya tomonidan qoplanadi.
Dastur qatnashchilari Yaponiyaga borgandan keyin xizmat uyi bilan ta’minlanadi. Ijara haqining asosiy qismi kompaniya tomonidan qoplanadi, ishtirokchilardan oyiga 108 dollar to‘lash talab etiladi.
Xabarda aytilishicha, boshlang‘ich oylik maosh 1600−1700 dollar atrofida bo‘ladi. Belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlangan soatlar uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Dasturda qatnashish istagida bo‘lganlar onlayn anketa orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. O‘qish 2026-yil 1-iyunda boshlanadi va Toshkent shahri Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi, 331/1-uy manzilida o‘tkaziladi. Qo‘shimcha ma’lumotni @Our_Xurshid va @Our_Kashifa Telegram manzillari orqali olish mumkin.
Onodera User Run kompaniyasi “Tokutei gino” — “maxsus malakali ishchi” dasturi doirasida xorijliklarni Yaponiyada ishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Kompaniya hozirgacha Filippin, Myanma, Laos, Indoneziya, Hindiston, Bangladesh va Mo‘g‘uliston kabi davlatlarda faoliyat yuritgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha 8900 dan ortiq kishi o‘qitilgan, ularning qariyb 6800 nafari “Tokutei gino” sertifikatini olgan va 5000 dan ziyod ishtirokchi hozir Yaponiyada ishlamoqda.
Qayd etilishicha, Onodera User Run 2025-yil iyunida Migratsiya agentligi bilan hamkorlik bo‘yicha memorandumni imzolab, 2025-yil noyabrdan Toshkentda faoliyat boshlagan.
Source: www.gazeta.uz