Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Yashnobod tumanida 30-mart kuni tungi vaqtda sodir bo‘lgan jiddiy voqea bo‘yicha ichki ishlar organlari va prokuratura faol choralar ko‘rmoqda. Malibu va Leapmotor avtomobillarining to‘qnashuvidan so‘ng, davlat raqamisiz Malibu haydovchisi mast holda bo‘lgani aniqlangan. Voqea joyiga kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirishga kirishganda, haydovchi B.P. faol qarshilik ko‘rsatib, alkotesterdan o‘tishni rad etgan va bir xodimga musht tushirgan.

Tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea paytida haydovchining yonida uning akasi bo‘lgan, u Ichki ishlar vazirligida mas’ul lavozimda ishlagan. Videolarda haydovchi xodimlarning mashinasiga chiqishga qarshilik ko‘rsatayotgani, akasi esa bunga aralashmaganligi ko‘rinadi. Keyinchalik haydovchi boshqa xodimlarga zarar yetkazishning oldini olish maqsadida maxsus vositalar yordamida zararsizlantirilgan.

Hibsga olingan haydovchi keyinchalik spirtli ichimlik ichgani sababli qo‘li ko‘tarilib ketganini tan olib, uzr so‘ragan: “Ichganligim sababli qo‘lim ko‘tarilib ketdi. Mingdan ming pushaymonman qilgan ishimdan. Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘rayman. Bu hol boshqa takrorlanmaydi. Qonun muqarrar ekan, mana javob berishga kelib turibmiz”.

Yashnobod tuman prokuraturasi haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish) va 277-moddasi 3-qismi “ye” bandi (Bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan xodimga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 36 yoshli B.P.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Toshkent shahri sudi apellyatsiya instansiyasi 3-aprelda Yashnobod tuman sudining qarorini ko‘rib chiqib, uni o‘zgarishsiz qoldirgan va advokatning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmagan. Bu qaror uzil-kesil hisoblanadi. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIBda tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan.

Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Diyorbek Sattarov rahbarligida voqeada ishtirok etgan mas’ul lavozimdagi akasi – podpolkovnik Sherzod Pardayevning xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgani va mansab mavqeyidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ygani tanqid qilingan. Natijada Pardayev lavozimidan ozod etilgan. Vazirlik xizmat intizomini buzgan har qanday xodimga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.

Source: www.gazeta.uz