Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot anjumanida ta’lim sifati, xalqaro tadqiqotlar natijalari va maktablar o‘rtasidagi tabaqalanish masalalari muhokama qilindi. Anjumanda ta’lim sohasi mutaxassisi Komil Jalilov xalqaro tadqiqotlar natijalari va ta’lim siyosati o‘rtasidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratdi.

Komil Jalilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ulardan chiqadigan xulosalar amalda to‘liq inobatga olinmayapti. “PISA va OECD tavsiya beradi — ta’limni tabaqalashtirmanglar, bu tengsizlikka olib keladi, deydi. Biz esa teskarisini qilyapmiz: Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablar sonini oshiryapmiz”, — dedi u.

Shuningdek, u ta’lim tizimida hanuz yodlashga asoslangan baholash ustunligini tanqid qildi. “Xalqaro tadqiqotlar ko‘nikmani baholaydi, biz esa xali ham yodlashni tekshiryapmiz — bu attestatsiyadan tortib maktabdagi baholashgacha ko‘rinadi”, — deya qayd etdi mutaxassis. Uning fikricha, davlat xalqaro tadqiqotlarga katta mablag‘ sarflayotgan bo‘lsa, ulardan kelib chiqadigan xulosalar amalda qo‘llanilishi kerak.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev PISA natijalari bo‘yicha muammolarni inkor etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tadqiqotlar O‘zbekiston ta’lim tizimidagi asosiy kamchilik sifatida yodlashga asoslangan yondashuvni ko‘rsatgan. “Siz to‘g‘ri aytdingiz — asosiy muammo shundaki, o‘quvchi yodlagan ma’lumot asosida baholanyapti. Holbuki, butun dunyo ko‘nikmani baholayapti”, — dedi u. Shu bilan birga, u bu borada o‘zgarishlar boshlanganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida maktablar o‘rtasidagi tabaqalanish masalasi ham bahslarga sabab bo‘ldi. Komil Jalilov bu jarayon tengsizlikni kuchaytirishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, vazirlik buni mamlakat sharoiti bilan izohladi va bu borada xalqaro tajribalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish mumkin emasligini ta’kidladi. “Har bir davlatning o‘z ta’lim yo‘li bo‘ladi. Masalan, Finlyandiya ta’limi dunyoda yetakchi, u yerda qishloqdagi maktab bilan shahardagi maktabda sharoitlar bir xil. Lekin u yerda o‘qituvchiga qo‘yiladigan minimal talab — magistratura. Bizda esa hali B2, C1 sertifikati masalasi bo‘yicha ham bahslar bor”, — dedi Azizbek Turdiyev.

Vazirlik vakillari ma’lum qilishicha, PISA natijalari e’lon qilinganidan so‘ng har bir hudud bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. “14 ta hudud bilan yo‘l xaritalari imzolangan, har biri 21−27 tadan aniq choralarni o‘z ichiga oladi”, — dedi Abduvali Ismoilov. Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha yangi tizimlar joriy etilayotgani qayd etildi.

Source: www.gazeta.uz