O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari qariyb 40 ta davlatda mehnat qilmoqda, xorijda ishlayotganlar soni 1,2 million nafarni tashkil etadi. Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlarida malakali ishchi kuchiga talab ortib borayotgani, shuningdek, Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha bo‘lgan migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka alohida urg‘u berilgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, xorijdan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassislarga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari talab etilmoqda. Bu ehtiyojni qoplash maqsadida Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda texnikumlar negizida qo‘shma ta’lim loyihalari amalga oshirilmoqda. Hozirda 12 ta “kasb plyus til” tamoyili asosidagi loyihalarda 8,5 ming fuqaro ta’lim olmoqda, ularning 3 ming nafari ishga joylashgan.
Endilikda bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, o‘qitish qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida talab yuqori kasblar va chet tillarini o‘qitish, xalqaro imtihonlar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan 600 o‘rinli maxsus tayyorlash markazini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkentdagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro imtihonlarga tayyorlash kurslari ochiladi. Qurilish sohasida esa ishchi kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini baholash markazlari kengaytiriladi.
Hududlarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka o‘qitish xablarini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, mavsumiy ish yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya bilan hamkorlik rivojlantiriladi. Taqdimotda yangi moliyaviy mexanizmlar ham muhokama qilindi. Xususan, fuqarolarning chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizini, kasbiy imtihon xarajatlarini esa to‘liq qoplab berish, mablag‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaroning o‘ziga ajratish taklif etildi.
“Xorijda ish” migratsiya platformasini takomillashtirish va unga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmatlarni yengillashtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Migratsiya agentligi faoliyatini kengaytirib, uning ichki mehnat bozorini ham malakali kadrlar bilan ta’minlashda ishtirokini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Taqdimotda xorijda ishlayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning yashash va mehnat sharoitlarini monitoring qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatda vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolari mehnatini tartibga solish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, norasmiy mehnatni legallashtirish va bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Prezident takliflarni ma’qullab, tashqi mehnat migratsiyasini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish va sohada raqamli yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Source: www.gazeta.uz