Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri iqtisodiy rivojlanishini oshirish maqsadida yangicha yondashuv asosida 12 ta tuman aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtiriladi. Bu haqda 16-aprel kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z borib, jahondagi siyosiy va harbiy ziddiyatlar, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar eksport zanjirlari va mahsulot yetkazib berish muddatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Bunday sharoitda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlab, ularni tezkor ishga solish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Bugungi kunda Toshkent shahri yalpi ichki mahsulotning 21 foizini ta’minlamoqda. 2026-yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 mlrd dollarli eksportni ta’minlash, 9 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash kabi katta marralar belgilangan. Prezident Toshkent hokimi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligini ta’kidladi.

Yangicha yondashuv doirasida oxirgi 10 kun ichida poytaxt tumanlarining iqtisodiy salohiyatini o‘rganishga 1000 ga yaqin davlat organlari va tegishli vazirliklar xodimlari jalb etilgan. Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonovning ma’lum qilishicha, har bir tumanga ustuvor yo‘nalishlar—bittadan sanoat tarmog‘i va xizmat ko‘rsatish sohasi biriktirildi. So‘nggi ikki hafta ichida 23 mingdan ortiq tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 1300 dan ortiq muammo aniqlandi va 162 ta taklif to‘plandi.

Tadbirkorlar bilan ishlash uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif etildi. Ushbu kengash tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy holat monitoringi, o‘sish nuqtalarini aniqlash va to‘siqlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, poytaxtda alohida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy etish rejalashtirilmoqda, jumladan, ruxsatnoma va litsenziyalar berish bo‘yicha vakolatlarning bir qismini hududiy bo‘linmalarga o‘tkazish, biznesning logistika muammolarini tezkor hal etish tizimini yaratish va imtiyozli moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Umuman olganda, shahar oldiga qo‘shimcha ravishda 88 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 mlrd dollarli eksportni ta‘minlash, 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, budjet tushumlarini 2,9 trln so‘mga oshirish va 65,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Mahalliylashtirishni kengaytirish va hududlardagi yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda poytaxt iqtisodiyotini kompleks tahlil qilish va uni yanada rivojlantirish strategiyasini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Source: www.gazeta.uz