Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilganidan keyin ushbu lavozimni egallagan Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodrigesga nisbatan maxfiy ravishda jinoiy ayblov tayyorlamoqda. Bu haqda Reuters vaziyatdan xabardor to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi. ️... Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, federal prokurorlar korrupsiya va pul yuvish bo‘yicha ayblovlarni tayyorlamoqda hamda Rodrigesni agar u Maduro ag‘darilganidan keyin Trampning talablarini bajarishda davom etmasa, ta’qibga uchrashi haqida og‘zaki ravishda ogohlantirib ulgurgan. ️ Ayblov loyihasi Mayami prokuraturasi tomonidan so‘nggi ikki oy davomida tayyorlanmoqda, deb aniqlik kiritdi Reuters manbalari. Tergov Rodrigesning PDVSA davlat neft kompaniyasining mablag‘larini yuvishdagi ehtimoliy ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lib, 2021-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. ️ AQShlik mulozimlar Rodrigesga kamida yetti nafar sobiq yuqori martabali amaldorlar, ularning hammaslaklari va oila a’zolari ro‘yxatini taqdim etgan. AQSh ularni Venesuelada hibsga olishni yoki keyinchalik ekstraditsiya qilish uchun qamoqda qoldirishni talab qilmoqda. ️ AQSh Adliya vazirligi, Oq uy va Davlat departamenti Reuters so‘roviga javob bermadi. AQSh bosh prokurori o‘rinbosari Todd Blansh agentlik xabarining qisqacha mazmuniga izoh berar ekan, buni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi. ️ Delsi Rodriges 3-yanvarga o‘tar kechasi Nikolas Maduro Amerika harbiylari tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Venesuela muvaqqat prezidenti bo‘lgandi. Siyosatchi va uning rafiqasi Siliya Flores Nyu Yorkka olib ketilgan. AQSh rasmiylari Maduroni narkoterrorizm maqsadida til biriktirish, kokain olib kirish, shuningdek, AQShga qarshi qo‘llash maqsadida qurol va portlovchi qurilmalarni saqlashda ayblamoqda. ️ Donald Tramp shundan so‘ng AQSh Venesuelani “xavfsiz, tartibli va qonuniy hokimiyat topshirilishini amalga oshirmaguncha” “boshqarishini”, shuningdek, mamlakatning neft zahiralarini nazorat ostiga olishini ma’lum qilgan. ️ Tramp Rodrigesdan “ularning mamlakatini qayta tiklashi uchun neft va boshqa narsalardan to‘liq foydalanish imkoniyatini” talab qilgan va agar u o‘zini “to‘g‘ri tutmasa”, Maduronikidan ham yomonroq qismat kutishi mumkinligi bilan tahdid qilgan.

Source: www.gazeta.uz