Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev Vatan himoyachilari kuni va G‘alaba kuni arafasida o‘tkazilgan marosimda mamlakat tashqi siyosatining ikki tomonlama yondashuvini bayon qildi. U barcha mojarolar diplomatik yo‘l bilan hal etilishi kerakligiga ishonishini, ammo zarurat tug‘ilganda mamlakat manfaatlarini “ancha qattiq pozitsiyalardan” himoya qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
“Biz barcha mojarolar diplomatik vositalar bilan, muzokaralar orqali hal etilishi kerakligiga ishonamiz, biroq zarurat tug‘ilganda, o‘z manfaatlarimizni nafaqat diplomatiya yordamida, balki ancha qattiq pozitsiyalardan turib himoya qilishga tayyormiz”, — dedi To‘qayev.
Prezident Qozog‘istonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda davom etishini, bu tamoyillar yangi Konstitutsiyada mustahkamlanganini, ammo bu “qo‘l qovushtirib o‘tirish” degani emasligini qo‘shimcha qildi. U mamlakat turli muammolarning oldini olishga va har qanday tahdidlarni qaytarishga tayyor bo‘lishi kerakligini uqtdi.
To‘qayev Qozog‘iston mudofaa salohiyatini oshirish va qurolli kuchlarning texnologik modernizatsiyasini davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi “beqaror va turbulent zamon” talab qilayotgan bu islohotlar mamlakatning asosiy vazifasi hisoblanadi.
“Bu strategik muhim vazifa bo‘lib, u qisqa muddatlarda — ikki yil ichida hal etilishi lozim”, — dedi Qozog‘iston prezidenti. U xavfsizlik masalalari, mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va harbiy xizmat nufuzini oshirishni davlatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgiladi.
Source: www.gazeta.uz