13-apreldan boshlab, Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan Rossiya va Ukraina fuqarolari, shu jumladan qandoshlar (xorijda yashagan etnik qozoqlar) yashash guvohnomasi (VNJ) uchun ariza topshirganda rad javoblarini olishni boshladi. Relokantlarning Telegram chatlarida qayd etilishicha, deyarli hech kim qozoq tilini bilish bo‘yicha joriy etilgan majburiy testdan o‘ta olmagan. Talabgorlar migration.enbek.kz saytida talab qilinadigan, tilni bazaviy bilish bo‘yicha A1 darajasi o‘rniga endi B2 darajasi so‘ralayotganini xabar qilishmoqda, ammo yashash guvohnomasini olish qoidalari o‘zgargani haqida hech qayerda rasmiy tasdiq paydo bo‘lmagan.
Deustche Welle nashrining yozishicha, Olmaota migratsiya xizmati suhbatda vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan, biroq Ostonada maslahatlashuvlar ketayotganini ta’kidlagan. Xizmat rahbari qabulxonasi: “Bizga izoh berish taqiqlangan. Hozirda bu masalani kelishish jarayoni ketmoqda. Ma’lumot uchun hukumat tuzilmalariga murojaat qiling”, deb aytgan. Bir necha hukumat mulozimlari bilan bo‘lgan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonning migratsiya siyosatida haqiqatan ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan, chet elliklarga yashash guvohnomasini berish uchun endi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mas’ul hisoblanadi.
13-fevraldan vazirlik “raqamli skoring” deb ataluvchi tizimni joriy etgan — bu Qozog‘istonda doimiy yashashni istagan barcha chet el fuqarolarini istisnosiz to‘lov qobiliyati va ishonchliligini baholovchi avtomatlashtirilgan tizimdir. Uning doirasida har bir immigrant birinchi navbatda qozoq tilini bilish bo‘yicha B1 darajasiga (matnlarning asosiy g‘oyalarini tushunish, tanish mavzularda muloqot qilish) muvofiq keladigan test topshirishi shart. Hukumat mulozimlaridan biri DW’ga: “10-aprelgacha raqamli skoringning birinchi punktida haqiqatan ham A1 elementar darajasi bor edi. Ikkinchi punkt o‘zgargani yo‘q — oila tarkibi, ma’lumot darajasi, ish staji, kompetensiyasi, sog‘lig‘ining holati va Qozog‘istonda qarindoshlari bor-yo‘qligi tekshirilmoqda. Avvalgidek, mamlakat iqtisodiyoti uchun o‘ta zarur bo‘lgan mutaxassislarga ustuvorlik berilmoqda”, deb xabar bergan.
Xabarda yana bir qator yangiliklar joriy etilayotgani haqida so‘z boradi. Jumladan, arizani endi hukumat tomonidan ustuvorligi belgilangan yettita hududdan biriga topshirish mumkin. Gap Oqmo‘la viloyatining ayrim tumanlari, Abay viloyati, shuningdek, Sharqiy Qozog‘iston, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitau viloyatlari haqida bormoqda. Aholisi 1 milliondan ortiq bo‘lgan shaharlar — Olmaota, Ostona va Chimkent — ustuvor hududlar sirasiga kirmaydi, shu sababli ular Qozog‘istonda yashash guvohnomasiga talabgorlar uchun amalda yopilmoqda. Shuningdek, yashash guvohnomasiga da’vogarlarning mahalliy ijro etuvchi organlarda maxsus suhbatdan o‘tishi ham muhim hisoblanadi.
Yangi qoidalar barcha chet elliklarga istisnosiz — nafaqat rossiyaliklar yoki ukrainaliklarga, balki qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari hamda so‘nggi paytlarda Qozog‘iston shaharlarida soni sezilarli darajada oshgan Xitoy fuqarolariga ham tegishli bo‘ladi. Endilikda Olmaota migratsiya xizmatining ilgari gavjum bo‘lgan operatsion zaliga tashrif buyurganda, u yerda faqat Qozog‘iston migratsiya siyosatidagi yangiliklardan hali bexabar bo‘lgan xitoyliklarning kichik guruhlarini ko‘rish mumkin, xolos, deb yozadi nashr. Migratsiya xizmatining rasmiy sayti faqat qozoq, rus va ingliz tillarida yuritiladi, bu esa boshqa tillarda so‘zlashuvchi immigrantlar uchun qo‘shimcha to‘siq bo‘lishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz