️ O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan ma’muriy qamoq muddatini oshirish rejalari haqida izoh berdi.
️ Ayollar va bolalar... huquqlarini himoya qilishga qaratilgan farmon bilan mas’ul idoralarga jinsiy jinoyatlar va huquqbuzarliklar, shu jumladan shahvoniy shilqimlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni tayyorlash topshirilgan.
️ Hakimova: “Besh sutkalik ma’muriy qamoq jamoatchilikning juda katta noroziligini keltirib chiqarmoqda, chunki bu yetarli bo‘lmagan va juda rasmiy jazo hisoblanadi”.
️ Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan qizlarga nisbatan shilqimlik holatlari bo‘yicha ishlar sudga yuborilishidan oldin tuman prokurori tomonidan jinoyat alomatlari bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi.
️ Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Sheranov: “Bu voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi”.
️ Hozirda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar ayrim hollarda jinsiy zo‘ravonlik sifatida baholanib, jinoyat emas, balki ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Bu holatga avvalroq Nemolchi.uz loyihasi e’tibor qaratgandi.
️ Faollar ta’kidlaganidek, voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq xatti-harakatlar sodir etgan shaxslar mutanosib jazodan qutulib qolmoqda – tergovchilar va sudyalar ko‘pincha bu huquqbuzarlikni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida ko‘rib chiqmoqda.
️ Avvalroq xizmat safari paytida mehmonxonada hamkasbini jinsiy aloqaga rozi bo‘lmagani uchun yostiq bilan bo‘g‘gan erkak shahvoniy shilqimlik moddasi bo‘yicha 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini olgani xabar qilingandi. Toshkent sudlari matbuot xizmati buni “ushbu modda sanksiyasida nazarda tutilgan eng yuqori jazo” deb atagan.
️ Shu bilan birga, ko‘chada ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatgan erkak shahvoniy shilqimlik, mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslik moddalari bo‘yicha 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.