Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar fonida Qatarda jabrlanuvchi o‘zbekistonliklar aniqlanmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi ma’lum qildi.
"Dunyo" axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-mart holatiga Qatarda 600 ga yaqin o‘zbekistonlik fuqaro bor. Ulardan 48 nafari 28-fevralda Qatarning havo makonini vaqtincha yopilishi va bir qator xalqaro reyslar bekor qilinishi munosabati bilan Do‘xadagi Hamad xalqaro aeroportida qolgan. Ular Sharja, Dubay va Olmaota orqali Toshkentga uchishi kerak edi.
Hamad xalqaro aeroporti ma’muriyati, shuningdek Qatar Airways, Air Arabia va Saudia Airlines aviakompaniyalari yo‘lovchilarga mehmonxona berish imkoniyati cheklanganligini bildirgan.
Xuddi shu kuni elchixona xodimlari aeroportga borib, fuqarolarning holatini o‘rganib chiqqan va aviakompaniyalar va aeroport ma’muriyati bilan muzokaralar olib borgan. Elchixona fuqarolar bilan doimiy aloqani o‘rnatgan va zarur konsullik yordamini ko‘rsatgan.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘ragan fuqaro va boshqa hamyurtlar bilan aloqa o‘rnatilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilgan, fuqarolar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirilgan.
Elchixonaning ma’lumotlariga ko‘ra, reyslarning bekor qilinishi turli mamlakat fuqarolariga ta’sir ko‘rsatgan favqulodda vaziyat bo‘lib, u cheklangan joylashtirish imkoniyatlari sharoitida yuz bergan. Shu bilan birga, diplomatik vakolatxona mavjud imkoniyatlar doirasida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishni davom ettirmoqda.
Qatarning havo makoni ochilishi va havo aloqasi tiklangach, fuqarolar vatanga qaytishlari mumkinligi ta’kidlanmoqda. Hozirda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning xavfsiz qaytishiga yordam berish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda. Yo‘lovchilar ro‘yxati tuzilib, muntazam yangilanmoqda.
Elchixona fuqarolardan vahima qilmaslikka, voqealar haqidagi faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi va xavfsizlik nuqtai nazaridan Qatarning rasmiy organlari ko‘rsatmalari va mahalliy qonun va qoidalarni to‘liq bajarishni, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni va olomon joylardan saqlanishni tavsiya qiladi.
Qatarda vaqtincha turistik maqsadda bo‘lgan hamyurtlar elchixonaning konsuli Otabek Murodov bilan +974 5141 1001 telefon orqali bog‘lanishlari mumkin.
Source: kun.uz