Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot anjumanida o‘qituvchilar attestatsiyasida yuzaga kelgan bahsli holatlar bo‘yicha xulosa chiqarilgani va ayrim o‘qituvchilarga qo‘shimcha ball berilgani ma’lum qilindi.
Ta’lim sohasi mutaxassisi Komil Jalilov attestatsiya tizimi atrofidagi muammolar hali ham saqlanib qolayotganini ta’kidladi. U o‘tgan yilgi attestatsiya jarayonlari katta bahslarga sabab bo‘lganini eslatib, “Mana, o‘tgan yili juda katta mojarolar bo‘ldi, o‘qituvchilar sudlashdi. Oxiri vazirlik tarixdagi bitta xatosini tan olishga majbur bo‘ldi”, dedi.
Joriy yilda ham test savollari sifati bo‘yicha e’tirozlar saqlanmoqda. Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, kimyo va ona tili o‘qituvchilari “kitobning darajasi” kabi mavhum tushunchalar savollarda uchrayotganini yozmoqda. U attestatsiya tizimi o‘qituvchining haqiqiy pedagogik mahoratini emas, balki nazariy bilimni tekshirib qolishini tanqid qildi.
Vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev tanqidlar inobatga olinganini bildirdi: “Xulosa chiqardik va buning asosiy sabablaridan biri – siz kabi mutaxassislarni jalb qildik”. Uning aytishicha, test materiallari va spetsifikatsiyalarni tayyorlashda ekspertlar ishtirok etgan.
Anjumanda aytilishicha, bahsli savollar bo‘yicha o‘qituvchilarga qo‘shimcha ball berilgan. Xususan, tarix o‘qituvchilariga tushgan savol bo‘yicha 300 dan ortiq o‘qituvchi darhol ball olgan, qolganlariga esa ikki balldan qo‘shib berilgan. Natijada ba’zi o‘qituvchilar toifasini saqlab qolgan, ayrimlari oshirgan, hatto 14 nafari ustama olish darajasiga chiqqan.
Hozirda attestatsiya natijalari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Vazirlik har bir pedagogning shaxsiy kabinetiga ball qo‘shilganligi va toifa o‘zgarishi haqida ma’lumot yuborgan. Bahsli savollar bo‘yicha apellyatsiya berish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, attestatsiya tizimida o‘qituvchining pedagogik mahoratini baholashga o‘tish masalasi ochiq qoldi – matbuot anjumanida bu savolga aniq javob berilmadi.
Source: www.gazeta.uz