Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning xizmat ko‘rsatgan artisti, mashhur aktrisa va shoir Dono Babaxonova (Danisiya Dayanovna Babaxonova) 80 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqida Abror Xidoyatov nomidagi O‘zbekiston davlat drama teatrining rasmiy vakillari xabar berdi. Aktrisa 15 aprel kuni o‘z uyida yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Dono Babaxonova 1946-yil 20-noyabrda Qozog‘iston SSRda tug‘ilgan. U 1970-yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. Uning sahna faoliyati 1968-yilda “Yosh gvardiyachilar” teatrida (hozirgi Abror Xidoyatov nomidagi O‘zbekiston davlat drama teatri) boshlangan. 1990-yillardan boshlab u kinoda ham suratga tusha boshlagan.

Aktrisaning eng mashhur rollari orasida “Bozor ko‘rmagan yigit” kinonovellasi, “Chol va nabira” (2009), “Tilla buva” (2012), “Tilim qursin” (2013) va “Privideniya morya” (2019) filmlari bor. U, shuningdek, “Ulfatlar-2” (2008), “Vafodarim” (2013), “Kuch birlikda” (2013-2014) va “Berlin-Aqqurgan” (2018) kabi seriallarda ham suratga tushgan.

Dono Babaxonova nafaqat aktrisa, balki taniqli adib ham edi. U 20 dan ortiq she’riy to‘plamlar, bir qancha roman va hikoyalar muallifi. Uning ijodi o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga katta hissa qo‘shgan.

1996-yilda aktrisaga “O‘zbekiston Respublikasining xizmat ko‘rsatgan artisti” unvoni berilgan. Uning vafoti o‘zbek madaniyat va san’at sohasi uchun katta yo‘qotish hisoblanadi. Aktrisaning dafn marosimi 16 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Source: kun.uz