3-mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Eron tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Arakchi bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Saidov o‘zining Telegram kanalida: "So‘nggi voqealar natijasida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya bildirib, jabrlangan oilalarga hamdardligimizni izhor etdik", deb yozdi.
Vazirlar mintaqadagi vaziyatni muhokama qilishdi va har qanday keskinlashuvning jiddiy gumanitar va xavfsizlik oqibatlariga olib kelishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Saidov: "Barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l — muloqot va diplomatiya orqali hal etilishi kerakligi haqidagi pozitsiyamizni yana bir bor tasdiqladik", dedi.
Eron Qizil yarim oy jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Isroil hujumlari natijasida 555 kishi vafot etgan. Eron davlat OAVlariga ko‘ra, Minab shahridagi qizlar boshlang‘ich maktabiga berilgan zarba oqibatida kamida 165 kishi halok bo‘lgan.
Avvalroq Saidov Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qilib, mintaqadagi vaziyat haqida gaplashgan va Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini yetkazgan.
Source: www.gazeta.uz