Toshkent viloyatining Toshkent tumanida, xorijdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan umumiy qiymati taxminan 1 mlrd so‘mga teng dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi. Holat DXX va Bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 35 yoshli shaxs o‘z yashash xonadonida dori vositalarini saqlab, poytaxtdagi dorixonalarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan. Omborni ko‘zdan kechirish davomida jami 119 turdagi, 3356 qutida bo‘lgan 76318 dona Frotu, Budenofalk, Gaviscon, Baraclude va boshqa nomdagi dori vositalari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Dori vositalaridan namunalar olinib, ekspertiza o‘tkazish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborildi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki dori vositalari tayyorlovchi 3 ta yashirin laboratoriya aniqlangan edi. 1,1 mlrd so‘mlik, jami 122 turdagi, 60 ming donadan ortiq tibbiy dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular Qirg‘izistondan noqonuniy olib kirilgan.
Source: www.gazeta.uz