Kambodjaning shimoli-g‘arbiy qismidagi buddist pagodasi hududida joylashgan muvaqqat lagerda 11 yoshli Sokna va uning singlisi maktabga bormay qo‘ygan. Ularning onasi Puth Reenning so‘zlariga ko‘ra, Tailand bilan Kambodja o‘rtasidagi so‘nggi janglar tufayli ular uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Kambodja Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda 34 440 dan ortiq kishi, shulardan 11 355 nafari bolalar, qochoq lagerlarida yashamoqda. Uzoq yillar Tailandda ishlagan Puth Reen janglar boshlangach, vataniga qaytgan, ammo hayoti juda og‘ir kechmoqda.
Maktab yoshidagi bolalarning ko‘pchiligi lagerlarda o‘qishni davom ettirsa-da, ota-onalar ta’lim parchalanganini va hayot hali ham barqaror emasligini ta’kidlamoqda. Preah Vihear provinsiyasidagi Wat Bak Kam lageridagi onalar Al Jazeera’ga ma’lum qilishicha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari mahalliy maktabga borishi mumkin, ammo o‘rta maktab o‘quvchilari har kuni provinsiya markaziga 15 km yo‘l bosishi kerak.
AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli benzin narxining oshishi o‘smirlar uchun maktabga borishni yanada qiyinlashtirgan. WorldVision’ning ta’lim dasturi texnik rahbari Kinmai Phumning aytishicha, chegara hududlaridagi o‘quvchilar orasida maktabni tashlab ketish va dars qoldirish holatlari sezilarli darajada oshgan.
Ikki farzandning onasi Yuon Phally bolalarining urush ta’sirida o‘qishga diqqatini jamlay olmayotganini aytadi. Uning eri chegara hududida askar bo‘lib xizmat qiladi. Dekabrdagi janglar paytida bolalar otalarining qo‘ng‘iroq qilishini kutib, maktabga borishni istamagan.
67 yoshli fermer Sun Reth uyiga qaytishga ruxsat berilmaganini, chunki Kambodja harbiylari oldingi chiziq hududlarini hali ham harbiylashtirilgan zona deb hisoblayotganini aytadi. U o‘z uyida uxlash yoki fermasidan kaju yig‘ib sotishga ham ruxsat ololmaydi.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi uzoq davom etgan chegara nizosi o‘tgan yili ikki marta to‘qnashuvga aylangan: iyul oyida besh kun va dekabrda deyarli uch hafta. Har ikki tomondan o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuz minglab fuqarolar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. 27 dekabrda sulhga erishilgan bo‘lsa-da, vaziyat besh oydan keyin ham keskinligicha qolmoqda.
Qishloq oqsoqoli Soeum Sokhem o‘z uyi xavfli zonada joylashganiga qaramay, har bir necha kunda uyini tekshirish va ekinlarni parvarish qilish uchun qaytib borishga majbur. U 1960-yillardan beri Kambodjada boshdan kechirgan urushlar haqida gapirar ekan, “Kim tinchlikni xohlamaydi?” deya savol beradi. Hozirda u oldingi chiziqda yurganida qo‘rquvni his qilishini tan oladi.
Source: www.aljazeera.com